O`zbekistonda yagona transport-logistika operatorini yaratish taklif etilmoqda. Bu haqda Bosh vazir o`rinbosari Jamshid Xo`jaev boshchiligidagi hukumat komissiyasining 25 dekabrdagi 118-sonli majlisi bayonida qayd etilgan.
Transport vazirligi hamda Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligiga ikki oy muddatda tashqi savdo logistikasini takomillashtirish, logistika xarajatlarini 30%ga kamaytirish va yangi logistika yo`laklarini joriy etish bo`yicha yagona transport-logistika operatori tizimini yaratish bo`yicha takliflar ishlab chiqib, hukumatga kiritish topshirildi.
Investisiyalar, sanoat va savdo vazirli, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda «O`zeltexsanoat» uyushmasi bir oy muddatda mamlakatda ishlab chiqarilmaydigan eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish uchun butlovchi qismlar va xomashyo importiga transport xarajatlarining 50%ini ishlab chiqaruvchilarga yoki xalqaro transport yuk tashuvchi korxonalarga kompensasiya qilish tizimini joriy etish bo`yicha takliflar kiritadi.
Transport vazirligi, Investisiyalar, sanoat va savdo vazirli, Iqtisodiyot vazirligi va Eksportni rag`batlantirish agentligiga mahalliy ishlab chiqaruvchilarning import-eksport xarajatlarini optimallashtirish maqsadida har moliyaviy yil boshida xalqaro logistika kompaniyalaridan arzonlashtirilgan logistika kvotalarini bron qilish topshirildi. Eksportni rag`batlantirish agentligi eksport qiluvchi korxonalar o`rtasida 1%lik ustama bilan kvotalar olish va taqsimlash bo`yicha vakolatli davlat organi etib tayinlanadi.






