Zarafshon konsert zalida Comedy.uz jamoasining rahbari Abror Baxtiyorovichning kulgu kechasi bo`lib o`tdi.
Kechaga Comedy.uz rezidenti Mirshakar Fayzullaev boshlovchilik qildi.
Abror Baxtiyorovich tomonidan tadbir davomida amalga oshirilgan harakatlar va hazillarning barchasi tashrif buyurganlarning qalbiga etib bordi va davomli qarsaklarga sabab bo`ldi.
Baxtiyorovichning kulgu kechasiga Abdulla Qurbonov, “Tumor” raqs ansambli, raqqosa Shodiyora Omonova, xonanda Vohid Abdulhakim, Comedy.uz rezidentlari Sirojiddin, Olim aka, qiziqchi Zokir Ochildievlar qatnashishdi.
Konsertga shuningdek, O`zbekiston va Qoraqalpog`iston xalq artisti G`ulomjon Yoqubov tashrif buyurdi. Abror Baxtiyorovich onasi uchun qo`shiq kuylash maqsadida yosh xonanda Shohzamonni ham taklif qildi. Qo`shiq tugagacha Baxtiyorovich Shohzamondan keyingi konsertiga buvijonisi uchun ham qo`shiq tayyorlab berishini so`radi.
Abror Baxtiyorovich konsertini tashrif buyurganlar bilan hamohang ishtiroki bilan o`ziga xos tarzda taqdim etishga harakat qildi va buning uddasidan a`lo darajada chiqdi. Uch soat davom etgan konsertdan Abror Baxtiyorovich muxlislarini bir nafasda olib chiqib keta oldi.
Darvoqe, Baxtiyorovich muxlislarning Comedy.uz tarqalganligi to`g`risidagi savollariga javob berar ekan, rezidentlarning barchasi uylanib, xotini tomonga og`ib ketgani, uning o`zi ham shunday qilish niyatda bo`lgani, biroq xotini tomoni uni qabul qilishmaganligini aytib, o`ziga xos hazilni ham qildi. Rezidentlarning ayrimlari Baxtiyorovichning konsertida ishtirok etganiga qaraganda, bu Abrorning navbatdagi hazili edi.