Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligi elektron savdo platformasi orqali qum-shag`al aralashmasi qazib olishga ruxsatnoma berilayotgani haqidagi mish-mishlarga munosabat bildirdi.
Ma`lum qilinishicha, “Suv havzalarida noruda materiallarni qazib olishni tartibga solish chora-tadbirlari to`g`risida”gi prezident farmoniga ko`ra, 2024 yil 1 maydan boshlab eng og`ir ekologik vaziyatda bo`lgan Chirchiq, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo va Surxondaryo daryolari hududida qum va shag`al qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy etildi. Moratoriy davrida ushbu daryolar o`zanlarida qum va shag`al qazib olishga ruxsatnomalar berilmaydi.
Mazkur hududlarda qum-shag`al aralashmasini noqonuniy qazib, moratoriyni buzgan shaxslarga nisbatan tabiatga etkazilgan zarar miqdori 10 baravarga oshirilgan holda qo`llanadi, shuningdek, ushbu qoidabuzarlikni sodir etishda foydalanilgan texnika musodara qilinadi.
“E-auksion” elektron savdo platformasi orqali qum-shag`al materiallarini qazib olishga ruxsatnomalar berishga kelsak, ushbu amaliyot faqat moratoriy joriy etilmagan hududlarda qo`llanadi. Shu bilan birga, daryolar o`rniga muqobil tog`li va tog`oldi hududlarida joylashgan alternativ kon uchastkalarida qum-shag`al qazib olish ishlari tashkil etiladi, — deyiladi vazirlik munosabatida.
Ta`kidlanishicha, keyingi yillarda respublikada qurilish ko`lamining kengayishi natijasida qum-shag`al aralashmasini qazib olishga ehtiyoj keskin oshdi. Biroq ko`pchilik bu ehtiyojni qondirish uchun ertangi kunni o`ylamay, daryo o`zanlaridan qonunga xilof ravishda katta miqdorda qum-shag`al qazib olib, atrof-muhitga tuzatib bo`lmas zarar etkaza boshladi.
Jumladan, 2023 yilda noqonuniy ravishda qum-shag`al qazib olish bilan bog`liq 303 ta holatda 68 milliard so`m jarima qo`llangan. Ushbu holatlarning 42 tasi bo`yicha jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Daryo o`zanlarida 1-1,5 metrgacha chuqurlikda qum va shag`al qazishga ruxsat berilgan bo`lsa-da, 10 metr chuqurlikda qazilishi natijasida daryo o`zani kengligi 400 metrgacha kengayib ketish holatlari kuzatilgan.
Vazirlikning bildirishicha, ayni paytda xalqaro va mahalliy olimlar ishtirokida Chirchiq daryosini qayta tiklash loyihasi ishlab chiqilmoqda.






