Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakili (ombudsman)ga Toshkent viloyatidan fuqaro A.B. xonadoni elektr ta`minotidan uzib qo`yilgani bo`yicha Yangiyo`l tumani elektr ta`minoti korxonasi ustidan shikoyat qildi.
Murojaat Ombudsmanning Toshkent viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan o`rganilganda, 2023 yilning sentyabr oyida murojaatchi A.B.ning otasi noqonuniy ravishda elektr ta`minotiga ulanganlikda ayblanib, tuman sudi qaroriga ko`ra undan 18 mln so`mdan ortiq zararni undirish belgilangani ma`lum bo`ldi. Lekin, oktyabr oyida Toshkent viloyat sudi Jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`ati apellyasiya instansiyasining ajrimi bilan ushbu sud qarori bekor qilingan.
Shunday bo`lsada, Yangiyo`l tumani elektr ta`minoti korxonasi 2023 yilning 2 noyabr kuni qarzdorlik vaji bilan fuqaro A.B.ning xonadonini elektr ta`minotidan uzib qo`ygan. Fuqaro A.B. sud qarorining bekor qilingani va uyini qayta elektr ta`minotiga ulash bo`yicha Yangiyo`l tumani elektr ta`minoti korxonasiga qilgan murojaatlari ijobiy natija bermagach, 2 oydan so`ng Ombudsmanga shikoyat yo`llagan.
2023 yilda Ombudsmanga ijtimoiy huquqlar yo`nalishida 180 ga yaqin sud hujjatlarining davlat organlari va tashkilotlari, ularning mansabdor shaxslari tomonidan ijro qilinmaganligi bo`yicha murojaat qilingan. Bu raqamlar Ombudsmanga ma`lum bo`lgan holatlar xolos.






