AsosiyMutolaa

Erkin A`zam. Bizning tog`a (hikoya)

'Erkin A`zam. Bizning tog`a (hikoya)'ning rasmi

Balki eshitgan chiqarsiz, tog`amizning ismi G`azanfar. Supraqoqdisiga mehri bo`lakchamidi, rahmatli bobomiz uni azza-bazza dabdaba otiga mindirib, erinmay, allanechuk maroq bilan nomini juftlab «Muhammad G`azanfar» deb atardi. Bunday sharafga munosib ko`rilgan farzandga muomala ham, tabiiyki, o`zgacha bo`ladi: kenja bolam, sen je, bolam. Salkam yuz yil umr ko`rgan ko`hna odamning choponi etagida voyaga etgan zumrasha ana shu yuz yillik hayot tajribasini sabiylik zehniga bamisoli ohanrabo mahkam joylab olgan, etti yoshdayoq etmish yashar chollardek salmoq bilan mulohaza yuritadigan bo`lib qolgan edi. Unga dam-badam maslahatlar solinishini ayting: «Kelasi bozor anovi qisir qo`yni savdoga qo`yib, puliga uch-to`rtta tuvcha sotib olsak, shunga siz nima deysiz, mulla Muhammad G`azanfar?» yoki: «Mulla Muhammad G`azanfar, bog` etagidagi huuv ikki tup olmaning tanasida chumoli ko`rgandek bo`ldim, chirishini kutmay shularning bahridan kechsakmikan, devdim…» Xotiringiz jam bo`lsinki, bunday paytda mushtakkina tirmizakdan, muqarrar ravishda, turmush tashvishlarida chiyralib ketgan tajribakor mo`ysafidni-da qanoatlantiradigan bama`ni bir taklif chiqardi.

Qazosi etib bobomiz olamdan o`tgach, urug`imizning so`zga etar oqsoqollariyu yoshi ulug` akalari bir chetda qolib, barcha ma`raka-marosimga kenja tog`amiz Muhammad G`azanfar bosh bo`lganida, keyinchalik esa u o`z-o`zidan rahmatli bobomizning o`rnini ishg`ol etganida hech kim ajablanmaganining sababi ana shunda. O`tgan o`tdi, o`rniga munosib o`rinbosar qoldi — yoshining nima ahamiyati bor, to`g`rimi? Lekin, bobomiz bu dunyodan ko`z yumgach, tog`amizning boloxonador ismi sharifi ham ta`sir ko`rdi. Ba`zi birovlar, ayniqsa, bilmagan begonalar tog`amizga ishi tushganda payg`ambarimizning muborak nomlarini aytardi-yu, ummatlarining asl ismiga kelgavda hafsalasi etmasdi. Begona bo`lmasak-da, biz — xesh-tabor uni rahmatli bobomiz o`tqazib ketgan dabdaba otadan qarindoshlarcha ayab-avaylab pastga tushirib, toqqina qilib «G`azanfar» deb ataymiz. Ammo — yuz-ko`ziga emas, orqa-varotdan, o`zaro eslagan-netganda. Boshqa vaqt andak tabassum, andak istehzo bilan — «tog`a», «tog`amiz». Shukrki, xudo bizni tog`adan qismagan, nordek-nordek tog`alarimiz bor. Lekin ularni nomi bilan ataymiz, masalan: Samandar tog`a, Iskandar tog`a. Kenjavoyga kelganda esa — yo`q, nomlarini tutmoqqa izn berilmaydi, u kishi — yakto, yagona, u kishi — tog`a, tog`amiz, vassalom! O`zlari bizdan uch-to`rt yosh berida-yu, shunday deb ataymiz. Demay ko`ring-chi! Majbursiz. Enamiz majbur kiladi. Arzanda ukasi, ya`ni — bo`lajak tog`amiz hali ho`l etagini beliga bog`lab, buloqi burnini sho`rillatib yurgan kezlaridayoq biz uni «tog`a» demoqqa majbur edik. U go`yoki bashorat qilingan kelajagini o`sha vaqtlardayoq tuflab beliga mahkam tugib yurardi, burnining sho`rillashlari ham karomatdan ajab alomat! Bugun esa, xohlang-xohlamang, ammo «tog`a» demay ko`ring-chi, naqd boshingizni yoradi. Har gapida ikki karra «jiyan» deb turganidan keyin, gohvda ham «tog`a», ham «amaki» deb yuborasiz!

Hali aytdik: tog`amiz bizdan yosh (u boboning keyingi xotinlaridan), lekin shu holiga urug`imizdagi jami ulug`larga bosh. Go`yoki, to`qson ettiga kirib olamdan o`tgan rahmatli bobomiz avlodimizning bor or-nomusig`sh mana shu kenjasiga vasiyat qilib, qulf-kalitni o`zi bilan olib ketgan («Bobongizning vasiyati shunday bo`lgan, jiyan, bobongizning!»). O`limi oldidan eshikni mahkam tambalatib, kelajak etti pushtimizga tegishli vasiyatlarini ham shunga qoldirgan go`yo.
Tog`amiz — o`rniga qarab, albatta — birda kuydi-pishdi, birda sipo-some kayvoni; qarindosh-urug`da biron bir mayda-katta majlisu mashvarat usiz, uning maslahatiyu yo`l-yo`rikdarisiz o`tmog`i ravo ko`rilmaydi. Allaqachon iyagiga bobosoqol bitgan nevara-chevarali otamiz ham u kishimdan maslahat so`ramoqqa majbur. Kechqurun devor-darmiyon qo`shningizni chaqirib bir nafas chaqchaqlashmoqchi bo`lsangiz ham tog`adan izn olmog`ingiz shart. («Shu hamsoyangiz moli mardumxo`rroq, jiyan, hushyor bo`lasiz-da. Kechagi bozor deng, bitta tirraqi echkini otasining narxiga pulladi-ya, noinsof! Tag`in o`zingiz bilasiz, jiyan. Aytdim-qo`ydim. Bobongizning vasiyati»). O`zingiz «bilako`rmang», zinhor-bazinhor. Kasofat bosib, biror yo`rikda u kishim g`ofil ish tutsangiz bormi, hech ikkilanmay, tog`amiz endi yo`q, deyavering. Araz, yuzko`rmaslik. Oraga qo`ygan odamingiz bir dunyo dilsiyohlik bilan qaytgan. «Unaqa jiyanni bilmaymiz, birodar, — deganmishlar. — Borib ayting, tog`a-pog`asi yo`q, o`lgan». Azza-bazza, betingizni qattiq qilib o`zingiz ro`baro` bo`lib, ming bir tavallo etib ko`ring-chi, biron ish chiqarmikan! «Hay, o`zingiz bilasiz, hay, yo`lingizni bersin»lab turaveradi sovuqqinasiga. Oxirida zo`r-bazo`r yumshagan bo`ladi. «Har ishning rasmi bor-da, jiyan», deydi xuddi qarz bergandek qilib.

Rasmi shuki, uch-to`rt kishini uyga chaqirasiz, tog`ani esa shaxsan borib taklif etasiz. Bitta qora qo`yning, bir necha «oq qo`y»ning boshini olib… yarash oshi! Boshqasi hisobmas — rasmi shu. Qarindosh-urug` neki bir maslahatga jam bo`lsa, jumlai davra G`azanfarboyning og`ziga qaramog`i, u kishi hali qadamranjida etmagan bo`lsa, istiqboliga ko`z tutmog`i shart. Bunaqa paytda tajangroq otamiz: «Shu ukang!.. — deydi enamizga. — Shu ukang xotinday maydagap, xotinday o`shakchi-ya!» «Nima qilay, chol? — deydi enamiz nochor javranib. — Sizning oringizni ortmoqlab ovora-da sho`rlik ukaginam!»
Nihoyat, toqatlarni toq qilib G`azanfarboy keladilar. U kelganda esa, otamiz birdan girdikapalak bo`lib, «To`rdan o`ting, G`azanfarboy, to`rdan o`ting»ga tushib qoladi. G`azanfarboy to`rni qo`yib, ranglari bir alvon, opasini, ya`niki, bizning enamizni chetga imlaydi. Ma`ni-dod asnosi u kishining «Apa-a! Apa-a!» degan, enamizning esa, «Nima qilay, ukajon, zamonasi ekan-da» degan nolayu afg`onlari eshitilib turadi.

Ma`lum bo`ladiki, G`azanfarboyning bo`y etgan jiyanlari, ya`niki, bizning singlimiz (ammo shu tobda uning bizga singil ekani aslo hisobga kirmaydi) bugun tag`in ko`chaga boshyalang chiqibdi! Uni ko`rib orkash tog`aning nomusi kelibdi. Bor gap shu. Bo`lmasa-ku, ko`cha to`la qiz-juvon, shu kunda boshiga ro`mol o`raganini topib ko`ring-chi! Mayli, ular bilganini qilsin, har kimning go`ri boshqa, lekin, kimsan — G`azanfarboyning jiyani… Hay, hay!
Bu naqllarni o`qib, davrdan ortda qolgan allaqanday biqiq bir kimsa ko`z oldingizga kelgan bo`lsa kerak. Yanglishasiz! G`azanfar tog`amiz zamonaviy odam: maktabda mehnatdan dars beradi, muallim. Ha, «domla» desa ham bo`laveradi. Darvoqe,  Bulg`oriyada unga shunday deb murojaat qilganlar. Ishonmasangiz, ana, o`zidan so`rang. 

Un yillar burun u qadrdon oshnasi Ibod sartarosh bilan, xalqaro madaniy aloqalarni yanada rivojlantirishga hissa qo`shmoq niyatida, arzon-garov yo`llanmani cho`ntakka urib, do`st va birodarlar yurti Bulg`oriyaga sayohatga borib kelgan. Mana, o`n yildan beri, to`rt odam to`plangan joyda shuni naql qiladi. Allaqachon oyog`i osmondan bo`lib ketgan xalqaro siyosat bobidagi bor bisoti shundan iborat. Aytishicha, o`shanda bir bulg`or unga: «Bizlar ham asli turkmiz, domla», deganmish. Gurungaing shu joyida sho`x-shalayim ukamiz luqma tashlaydi: «Rostdan ham shunday dedimi, tog`a? Sizni rostdan «domla» dedimi?» Tog`amiz bir seskangandek bo`lib, o`qrayadi: «Jiya-an!» Keyin yana: «Jiya-an!» Bu dunyoda so`rab bo`lmaydigan narsalar ham borligini, binobarin, ko`pdan-ko`p savollarga ochiqdan-ochiq javob berilmasligini hali bilmaydigan betamiz jiyan battar xuruj qiladi: «Domla» degan bo`lsa, surishtirib ko`rmabsiz-da, balki bizga o`xshab u ham qo`lingizda o`qigan chiqar? — Bola bolaligiga tortib hujumning bu yog`ini susaytirib yuboradi: — Ularning ota-bobolari o`zimizdan borib qolgan, deyishadi-ku…» Sezgan bo`lsangiz, halidan beri «biz», «biz» deb gapiryapman. Biz deganim — men bilan Amir. Ikkalamiz ham tog`amizga birdek jiyan: men katta opasining, Amir o`rtanchasining farzandi. Lekin, men yaxshi jiyan, Amir — yomon. Mening hamma ishim — mirquruq bir sohani tanlaganimu «igna bilan quduq qaziyverib» tagi zaminni ilma-teshik qilib yuborganimga qaramay, hamon birim ikkiga do`nmay sho`ltillab yurganim, Toshkentdan uylanganimu musofir bo`lib shu shaharda yashab qolganim — bari-bari yaxshi, ming bora maqtovlarga sazovor, eng muhimi, tog`amizga ma`qul; Amirning «sayqali zamin» Samarqanddagi dong`i ketgan savdo o`qishlarini bitirib, yog`li-yog`li joylarda ishlaganiyu qishloqda har qanaqa shahardagidan qolishmaydigan dabdabali imoratlar solib, amir Olimxondek davr surib yashayotgani ham, shu kunlarda ayniqsa oshig`i olchi turib, tijorat orqasidan dunyo kezib yurgani ham — bari-bari yomon, nopoklik, eng muhimi — tog`aga ma`qul emas. Negaki…
«Bo`langizning zoti past» deydi tog`amiz. Xudoga shukr, bo`la-bo`lavachchalarimiz ko`p, ammo o`zidan nari surib «bo`langiz» deganda tog`amiz faqat Amirni nazarda tutadi — nomini ham atamoqni ep bilmaydi. Bo`lamizning zoti bir tarafi o`zlariga taqalishi hammaga ma`lum, lekin bunday paytda tog`amiz aynan sobiq pochchasi — Amirning otasini nishonga oladi. Bu ota-o`g`ildan nozikta`b tog`amizga nima jabr o`tgan — bir xudoga ayon, to`g`rirog`i, u yog`i mujmal, munozarali bir gap.

Amir bo`lamiz — ko`ngli ochiq, qo`li ochiq, aksariyat savdo ahliga xos kirishimli, sal narsaga yon beruvchi hamiyatli yigit. U menga juda mehribon, «bo`lajonim»lab boshiga ko`taradi. Bolalikdan birga o`sib, biror marotaba janjallashmaganmiz. Kisqasi, xudo berganini birodarlari bilan bo`lishadigan hotamtoy, muruvvatli inson. Uning tog`amizga nisbatan ham biron bir kek-g`arazini sezmaganman, hamisha bag`rini ochib muomala kiladi. To`g`ri, andak kinoya aralash, andak pichingu istehzo bilan. Ammo bunga ham tog`amizning o`zi aybdor.

Sababi menga qorong`i bu ziddiyat tog`a-jiyanning o`rtasida azaldan bor edi, desa buladi. Bu, tabiatan bir-birini xush qo`rmaslik — iqi suymaslikmi yoki arzimas bir narsadan boshlangan bolalik arazining tobora chuqurlashib adovat chohida aylanganimi, ishqilib, men bilmayman, bilmayman. Bobomizning kenjatoy-erkatoyi xarxashayu janjal evaziga boshqalardan undirgan neki narsasi bo`lsa menga ilingani ilingan edi, «o`gay» jiyan — Amirga esa odatdagi yovqarashdan o`zga hech vaqo yo`q. Bunday chog`larda bechora Amir qo`zlari yoshovsirab menga iljayib turardi. Hozir ham shunday. Biroq endi u tog`amizning bunday ayirmachiliklarini ko`rganda beparvo, sho`xchan ko`z qisib qo`yadi, xolos. Bolalikdagi singari ko`zi yoshlanmaydi.

Tog`a-jiyan o`zaro yovlashib-yoqalashib yurarkan, o`rtada menga maza! Ikkalasi ham men bilan soz. Sezishimcha, meni bir-biridan qizg`anadi, bir-birining g`iybatini kelib menga qiladi. Biriga suyukli bo`la, biriga suyukli jiyanman. Gohida, shular men tufayli yovlashib yurmaganmikan, degan o`ylarga ham boraman. Go`yo ikkalasi alohida-alohida mening oldimda nimanidir isbotlamoqchidek…

Ularning mening to`yimga Toshkentga kelishi ham kiziq bir hangoma bo`lgan. Manzildan adashmaslik uchun, shaharga kiraverishda to`y anjomlari ortilgan mashinalarni boshlab boradigan bir taksi yollashibdi. Inqilob xiyobonini aylanishda yo`l boshlovchi mashina o`tgan zahoti «kizil chiroq» yonib qolibdi. Uning izidan kelayotgan «mehmon» mashinani esa milisa to`xtatibdi. Odatdagi mashmasha: «Nimaga qizil chiroqqa haydading?» «Ko`rmay qoppiz, kechirasiz». «Qaysi biringni kechiray, pravani cho`z!» «Iya, oldindagi taksiga indamasdan, bizni — mehmonni tutasizmi, tarafkashlik ekan-da?» «U qoidani buzgani yo`q, siz — buzdingiz!» «Undan orqada qolsak, adashar edik-da, aka…»

Axiyri, mashinada qo`r to`kib o`tirgan qudaboshi — beqasam choponli devqomat tog`amiz tushadi. Avval kaftini to`ldirib, shoshilmay nosini otadi. «Qani, oshna, tinchlikmi?» deydi keyin milisa bolaga, naqd osmondan kelib. «Bizda-ku tinchlik, — deydi milisa bola,— sizda bilmadim». «Ha endi, bir kelib edik shahringizga mehmon bo`lib…» «Sizdaqa mehmon ko`p shahrimda, — deydi milisa bola battolligiga borib. — Har biri sizga o`xshab qoidani buzaversa, shaharda shahar qoladimi, aka!» «O`v uka, odamgarchilik degan gaplarni eshitganmisan? Musulmon millatidanmisan o`zi?» Bolaning shu joyda aybginasi bor ekan chog`i, indall-sini aytib qo`yaqolibdi: «Millatim… milisa, bildingizmi?!» «Bildim, bildim, — debdi tog`amiz uni nozik joyidan tutib, — ko`rinib turibdi muomalangdan. Pagoning ham bor ekan, hali top-toza. Ke, uka, pravani qaytib ber, yaxshilab bir duo qilaylik, mana shu pagoningda osmondagiday yulduz bodrab ketsin iloyim, xo`pmi?» «Boshshi qotirmang, aka, lo`lilikni borib qishlog`ingizda qilasiz!» «Ho`v-v, bersang — berding, bo`lmasa, hozir Muhammad Yusufning oldiga boraman!» deydi tog`amiz so`ngti chorasini ishga solib. (Shoir machchoyi sayohatlaridan birida menga qo`shilib borib, tog`aga mehmon bo`lgan, ikkalasi rosa chiqishib qolgan, tog`a uni Toshkentdagi naqd eng dovruqli odam deb bilar edi — muxlislik dardi yomon-da!) «Yusuf? Muhammad? — deydi yigit milisaligiga borib, bepisandlik bilan. — Kim u, mullami?» «Shoir, xomkalla, shoir! «Ko`nglimda bir yor»ni yozgan zo`r shoir! Shunday shoirni bilmaysan-u, katta shaharda g`o`ddayib yurganingni qara!» Nodonligidan mulzam bo`lgan milisa bola achchiq ustida qo`lidagi qog`ozga tamg`a bosay deganida tog`amiz og`zidagi nosini uzoqqa tupurib, alam bilan po`pisa qiladi: «O`v-v, o`g`ilbola, biz tomonlarga ham borarsaan, qo`lginamga ham tusharsa-an bir kun!..» Milisa bola esa umrida Toshkentdan bir qadam nari chiqmagan, chiqib dunyoning bir chetidagi tog`u toshlar orasida biqinib yotgan allaqanday gadoytopmas go`shaga borib, azza-bazza «qo`lga tushmoq» niyati ham yo`q.

U zo`r hafsala bilan qo`lidagi «haydovchi odamning joni»ga bigiz uraman deb turganida keyingi mashinadan asta Amir bo`lamiz tushib keladi. Bo`lamiz savdo xodimlariga xos bir ehtiyotkorlik va mulozamat bilan milisa bolani chetta imlab, uncha-muncha odamning tishi o`tmaydigan bir tilda ikki og`iz gaplashadiyu qo`l siqishib xayrlashuv barobari kerakli muomalani bitiradi; haydovchilik guvohnomasini eson-omon «qutqarib», uni negadir keltirib tog`amizning qo`liga tutqazadi. Bu ishni atayin qiladimi, beixtiyormi, harqalay, ahmoq Amir shu o`rinda nihoyatda katta xatolikka yo`l qo`iganini aytib o`tmasak bo`lmaydi.
Ular o`rtasida shu tariqa yana bir adovat tug`ildi. Bu yoqda hamma to`y taraddudi bilan band, tog`amiz esa tumshayib, tund bo`lib yurdi. Kechqurun to`y boshlangan qahvaxonadagina kelinning sipo, sertavoze tog`asi bilan topishib qolib, chiroyi sal ochilgandek bo`ldi. Ikki tog`a to`yni esdan chiqarib, o`zaro shakarguftorlikka sho`ng`ib ketdi. Ammo buni ham xudo ko`p ko`rgan ekan.

Bir mahal quloqlarni qomatga keltirib darang-durung boshlanib qolmaydimi! Gurung zaha eganidan ranjigan nozik tomon — quda tog`a «Shu, sal pastroq chalsa bo`lmasmikan» deya tilak bildiribdi. To`yga mas`ul tomonning vakili sifatida jo`mard tog`amiz shartta o`rnidan turibdi-da, «shovqinchilar»ning kattasini xursand kilib, muddaoga erishibdi. Buni ko`rganmi, ko`rmaganmi, ataymi, atay emasmi — xullas, o`lgur Amir ham borib haligi yo`l bilan tog`amizga, teskari ish qilib kelibdi. Yana quloqlar batang! «O`gay» jiyanining qilmishidan bexabarmi, boxabarmi, tog`amiz tag`in borib boyagi amalni qo`llabdi…
Bu hol, bu musobaqa bir necha bor takrorlangach, puldor raqibiga bas kelmog`iga ko`zi etmaganmi, umum-ko`pchilikning ra`yi (shular orasida biz — kelin-kuyov ham bormiz) — shovqinsevarlikka qarshi bormoqni ep bilmaganmi, tog`amiz to`yxonaga sig`may, arazlab turib uni tark etibdi.

Uylangan biz-u, orada tog`a-jiyan talay vaqt araz-duraz qilib yurdi. Umuman, ularning bir-biriga tum-shuq ko`rsatib yurishiga bahona doim tayyor edi.
Musofirchilik, bobomizning janozasiga etib borolmadim. Ma`rakasi kuni unchalik ahamiyat bermab-man, keyin qarasam, tag`in odatdagidek — tog`a bir yonu jiyan bir yon. Kechgan gapni ikkalovi ikki xil talkin qilib gapiradi.

Bobomizning «etti»si kuni, egnida chopon-belbog`, darvoza tagida turgan tog`amiz nariroqda Amir bo`lamiz o`zibop bir-ikki jo`rasi bilan hadeb hiringlashayotganini eshitib qolibdi. Bunday diqqat qilsa — behad nojo`ya, shakkokona hangoma. «Sattor, Sattor, — der emish benamoz Amir uzangi-yo`ldosh jo`rasiga, — bizning bobo bilan sening momang yoshligida don olishgan, deb eshitib edim, hozir ular jannatda topishib, «svidaniya» kilib yurgan bo`lsa kerag-a, nima deding?» Hiring-hiring. Kufri oshib tog`amiz ul shakkok nevaralarning oldiga boribdi. «Bobongiz o`ldi, jiyan, shunga kulyapsizmi?» «Endi-i, tog`a, — debdi Amir battar tirjayib, — bobomizning to`yi bu». «To`y bo`lsa, karnay-surnay chaqiring. Arzanda qizidan arzanda nevarasi bo`lasiz, sizdan lozim».
Amir bo`lamizni xushlamaslikka, o`zining hisobicha, tog`amizning ming bir asosi bor edi.

—    Bo`langizning zoti past, jiyan, zoti! — der edi u har gal jizg`anagi chiqib. — Siz bilmaysiz. Hech kim bilmaydi. Otasi qasamxo`r uning. Buzuqi. Gapirsangiz tilingiz kuyadi, eshitsangiz, qulog`im bitsin iloyim, deysiz. Aytsam — ishonmaysiz. O`z ko`zim bilan ko`rganman… Esiz apam! O`zingiz bilasiz, jiyan, rahmatli xolangiz necha yil to`shakka mixlanib yotdi! Xotin bu yoqda hiqillab yotibdi, pochchajonimizni bo`lsa bir kecha Anor bevanikidan chiqib kelayotganida ko`rib edim, jiya-an!.. — deya fig`on kilardi orkash tog`amiz. — Buni ko`rgan ko`zlarim o`yilib tushgani yo`q, jiya-an!
—    Ho` qachongi gap bu, tog`a! Xolamiz rahmatli, mana, o`zingiz ham aytib turibsiz, necha yil o`rindan qimirlamay yotdi. Erkak kishi, nima qilsin, axir? A keyin uylandi-ku o`shanga.
—    Mayli, mayli, qarshilik yo`q. Lekin, marhumning yil-pilini o`tkazib, so`ngra qilinadi-da bunaqa ishlar. Rasmi shunday. A bizni chaqirsin edi, oldimizdan bir o`tib maslahat solsin edi. Yo`q, yo`q. O`lsam — ko`kayimdan, chirisam — suyagimdan ketmaydi bu, jiya-an!
Xolamiz o`lganda tog`amiz o`n to`rt-o`n besh yoshlarda bo`lgan. Demak, rasmanasini olganda, pochchamiz o`shanda o`lgan xotinining ukasini — o`n to`rt-o`n besh yashar tirrancha qaynisini azza-bazza chaqirib, uylanish xususida unga maslahat solmog`i kerak ekan… Attang. Nodon pochcha!
Bultur mehnat ta`tilida qishloqqa borganimda tog`amizdan chiqqan ilk luqma shu bo`ldi: «Eshitgandirsiz, jiyan, bo`langiz tus qirning boshiga qasr qurdi!» Boshqalar ham faqat shuni takrorlardi: «Ha, ha, eshitdingizmi, eshitdingizmi?»

Eshitdik, eshitdik. Borib ko`rdik ham. Yozning kuni shabadasida o`tirib birpas yayradik ham. Baraka topsin bo`lamiz. Lekin, qurgani qasr-pasr emas, bahavo, ko`rkam manzarali joyga did bilan solingan anchayin bir shiypon, xolos. Tevaragi o`rab olib obod qilingan, pastdan suv tashib daraxt-paraxt ko`kartirilgan, har yog`ida gulu chechak chaman, yashnab turibdi.

Bo`lamiz bizni ilk bor u erga taklif qilaturib, kelgusi rejalari, ya`ni tog`da juda katta, zamonaviy, kerak bo`lsa, vertolyot ham qo`nadigan bir dam olish maskani qurish niyati borligini atay ko`pirtirib gapirganida o`sha davrada men tufayligina yurgan tog`amiz ham bor edi. Taklifga javoban u kishi uzun-uzun qo`llaridan ko`kraklarida salb yasab: «Qulluq, qulluq. O`zlaring boraveringlar, bahuzur. Biz rozi, biz tavba qildik», dedilar negadir zahralari uchib. Amir ham ortiq qistab o`tirmadi, uning pisandayu zamzamalariga ham parvo qilmadi — eti o`lib ketgan.

Qolgan «dardi»ni tog`amiz keyin aytdi:
—    Ul dabdabayu ul as`asani ko`rdingizmi, jiyan? Hayf, hayf. Haftaning etti kuni ana shunday maishat. Bir to`da ulfati bilan qayoqdagi sayoq o`yinchi qizlarni eltib, bazmi jamshid qilib yotadi. Bu ishlarning savol-javobi bordir axir bir kun! Koshonalariga «Amirtepa» deb nom qo`yib olganlar. Bir-ikki nordonroq gap bilan izza qilmoqchi bo`lsam — qayoqda! «Afg`onga o`tayotib amir Olimxon shu joyda to`xtab nafas rostlagan ekan, o`shaning nomiga qo`ydik-da, tog`a», deydi kasofat suv yuqtirmay. Sening o`sha amir Olimxondan nima farqing bor? Amir Olimxon ham shunchalik davr surmagandir! Mana, ko`rib turasiz, jiyan, bu korchalon bo`langiz shu ketishda butun tog`u toshni egallab, yurtimizga o`zining nomini qo`yib yuborishdan ham toymaydi hali! O`z og`zi bilan aytib turibdi-ku!
—    Qo`yavering, tog`a, — deyman murosa yo`lini axtarib. — Bizdan ham chiqsin-da! Hechqursa, gilamining bir cheti o`zimizniki bo`ladi, ziyon qilmas.
Tog`amiz daf`atan qaynab ketadi:
—    Jiya-an! Jiya-an! Tog`angizni bilmas ekansiz. Shuning gilamiga o`tirguncha, borib huv anovi taqron erga o`tiraman, zaxga o`tiraman, zaxga!.. — Keyin birdan, kutilmaganda hovuridan tushib, dard bilan, alam bilan o`ychan bir ovozda pichirlaydi: — Jiyan, mana, siz o`qigan, bilgan olim odamsiz, ayting-chi, nahotki, dunyo endi shu bo`langizga o`xshaganlarning qo`liga o`tib ketsa?! Radiosiyam, televizoriyam kechayu kunduz javragani javragan: pul top, pul top, qaerdan bo`lsa ham, qanaqasiga bo`lsa ham pul top, boy bo`l, millioner bo`l! Ha, ma`qul, boy bo`lganga, badavlat bo`lganga nima etsin, axir! Lekin mehnat bilan, mashaqqat bilan, ter to`kib topiladi-da davlat degani ham! Bular aytayotgan hiyla-nayrangdan keladigan bebiliskasi kufr emasmi, jiyan, harom-ku!

Yozning o`rtalarimi edi, osmondan tushgandek bo`lib tog`amiz Toshkentga kelib qoldi. To`g`ri ishxonamga kirib keldi. Biz tomonda turadigan bir hamkasbimizning shalaq «Moskvich»ida kechqurun uyga keldik. Obu osh, gurung. Aytishicha, tog`amiz atayin biz bilan maslahat qilgani kelibdi. Amirtepaning (bu nomga endi hamma ko`nikkan, hatto qaysar tog`amiz ham!) qoq to`g`risidagi baland qirga chiqarib ko`shksimon imorat solmoqchi ekan, shunga mening ruxsatim kerak emish. Nega aynan mening ruxsatim? Imorat mening nomimda bo`larmish-da. Amir bo`lamizning shiyponidan o`tsa o`tarmishki, aslo qolishmasmish!
Bu taklif menga allaqanday bachkana, havoyidek tuyuldi. Qolaversa, menda na mablag`, na istak-inti-lish bor.

—    U yog`idan g`am emang, jiyan, bizga qo`yib bering,— dedi tog`amiz tog`alargagina xos bir jo`mardlik bilan. — Siz bir og`iz «xo`p» desangiz bas, u yog`iga ishingiz bo`lmasin. Qishloqqa borgan-qolganingizda yor-jo`ralaringiz bilan chiqib birpas bo`lsayam o`ynab-yayrab kelasiz. Bu dunyo faqat anovi korchalonlarniki emas-ku!
Maqsad tushunarli: sen zo`rmi, men zo`r? Taklifga nima deyishimni bilmay, hazilga burmoqqa majbur bo`ldim:
—    Qurgandayam-chi, tog`aboy, zo`r qilib qurasiz! Amirniki bir qavatli bo`lsa, bu kamida ikki oshyonli bo`lishi kerak!
—    Ana bu boshqa gap, jiyan!
Tog`amiz ertasi kuni shahar aylangani chog`lanarkan, kechagi gap shunchaki hazil, boshqa biron zarurroq ish bilan kelgandir, deb gumon qilgan edim, kechqurun vokzaldan qo`ng`iroq bo`ldi: biz qaytyapmiz, jiyan, xayr-xo`sh.
Qishloq yangiliklaridan eshitib turibmiz. Tog`amiz Toshkentdan boriboq ovoza qilib yuboribdi: olim jiyanimiz bizni rosa siyladi! Olim — olim-da, ko`chada uloqib yurgan qallob tijoratchi emas-da! Yor-do`stlarini ham aytib, bizni «Volga»sida uyiga olib bordi, ziyofat berdi, ertasi shahar aylantirdi. Keyin bir dasta yuztalikni oldimizga tashlab, «Tog`aboy, — dedi, — o`zingiz bilasiz, mening qo`lim tegmaydi, ilmiy ishlarim ko`p, mana shu pulga Buramaqirning tepasidan bizga atab bir joy qilsangiz, anovi Amirqulning shiyponidan ziyoda bo`lsa bo`lsinki, aslo kam bo`lmasin! Qancha aqcha kerak bo`lsa, tortinmang — bor!»

U yoqdan keladigan bunga o`xshash lof-qoflarga ko`nikib qolganman, parvo qilmadim. Ammo uchqur xabarlar tobora jiddiy tus kasb eta boshladi. Tog`amiz, aytganida turib, rostakamiga ishga kirishib ketganmish. Bo`zbola-bo`zbola uch o`g`lini safarbar etib, Buramaqirga toshu shag`al tashib yotgan emish. Tog`amizning maktabda mehnatdan dars berishini aytgan edim-u, qo`li gul duradgor usta, topish-tutishi ham shunga yarasha mo`maygina ekanidan xabaringiz yo`qdir hali. Boz ustiga, bobomizdan kenja botirga qolgan mevazor bog`dan chiqadigan daromad har qanaqa boyvachchanikidan kam emas.
Ishonchli manbalarning xabar berishicha, «imoratim» qariyb bitay-bitay deb turgan emish. Qora ishlari allaqachon tugab, bir-bir yarim oy ichida pardozdan ham chiqarmish. Ana o`shanda shaxsan o`zim borib, imoratni tantanali tarzda qabul qilib olarmishman. Qabul marosimiga atab boqilayotgan qo`y ham semiribgina qolganmish. Amir Olimxon bo`l-e!

Aytishlaricha, bo`lamizning shiyponi bahavoroq joyga qurilgan oddiy bir boshpana bo`lsa, «meniki» qo`sh oshyonli chinakam ko`shk emish! Buni ko`rgan Amirboyvachchaning g`ayirligi kelib, shiyponi o`rniga uch qavatli qasr tiklamoqni rejalab yurganmish. «Aytib qo`yinglar, o`pkasini bosib olsin, — deganmish sherimard tog`amiz. — Yo`qsa, bo`sh keladigan ahmoq yo`q, kerak bo`lsa, basma-basiga, narvon qo`yib osmongacha ham uy tiklamoqqa qurbim etadi!»
Albatta, bu ajabtovur tog`a-jiyan haqidagi aql bovar qilmas savdolarni o`qib, nahotki, shunaqa afandinamo qarindoshlar ham bo`lsa, deb kularsiz, taajjubga tusharsiz. Kulmang, taajjubga ham o`rin yo`q. U yurtning odamlari o`zi shunaqaroq. Biri tog`am, biri bo`lam bo`lsa, xo`sh, men nega unaqamasman, ularga o`xshamayman? Chunki men Amirtepayu (qarang, endi hech kim ajablanmaydi bu nomga!) Buramaqirni oshib o`tib yurt ko`rdim, turfa odam ko`rdim, eng keragi — kun chiqishiyu kun botishini o`z vaqgida kuzatdim! Ular esa shu nasibdan bebahra: umrlari bino bo`lib na kun chiqishini ko`rgan, na kun botishini. (Shunda ham hikmat ko`p ekan-da, birodarlar.) Bu yurtda oftob kech chiqib, erta botadi — kunchiqari ham tog`, kunbotari ham tog`. Ana shu cho`ng tog`lar iskanjasidagi vatanlarini o`lar dunyoning naqts markaziyu o`zlaryni xuddi osmondan oyoq osiltirib tushgan — xudoning mehriga sazovor bandalardek his etishadi.
Bu mardumning Amirtepayu Buramaqir osha o`zga dunyolarga aralashuvi — bamisoli jonbozlik, hayot-mamot ishi. Unaqa odamni yo vatanfurush sanaydilar, yo qahramon qila ulug`laydilar. Shu hisobda tog`a-jiyanning ikki qirning tepasiga chiqarib betma-bet imorat qurgani shunchaki kimoshdi yoki «sen zo`rmi, men zo`r» o`yini emas, zinhor-bazinhor unday emas…

Tog`amizning oyog`iga to`sin tushib ketib, o`sal bo`lib uyda yotganmish, degan xabarni eshitdimu «O`h, xudo urdi!» deya bunda o`zimni aybdor sanab, shosha-pisha yo`lga chiqdim. Borsam, hovlining o`rtasida qanot yozgan bahaybat gujum tagidagi supada betob deganimiz, oyog`i taxtakachlangan, lo`labolishga o`mgan tashlangancha, hov narida pomidor jo`yaklariga suv tarab yurgan o`g`liga baqirib-chaqirib ko`rsatma berib yotibdi: naryog`ini to`s, tez bo`l, yuvib ketadi; anovining hosilini ko`tarib qo`y, galvars, chirib yo`q bo`ladi, axir!..

Men kutgan narsaning butunlay teskarisi chiqdi. Tog`amizning inkillay-sinqillay xikoya qilishicha, gap boshqacha bo`lgan ekan.
Amirtepadagi shiyponga o`t tushib, yong`in ro`y be-ribdi. Egasi bir oymi-ikki oydan buyon tijorat ishlari bilan chet elda ekan, «osh» jo`ralari danap-sanaplarini eltib bas deguncha bazm qurishibdi, shunda badmastlik tufaylimi, beboshlik orqasidami, shiyponga o`t ketibdi. Xayriyat, odam ziyon ko`rmabdi. Egasi hali bexabar, u hamon Amerikami, Turkiyasida «Daydib» yurganmish;  —    Nahs oralagan-da, jiyan, nahs, — derdi tog`amiz. — Harom pulga kelgandan keyin shu-da!
Shumxabarni eshitibdiyu «mening» imoratimni chala tashlab, tog`amiz Amirtepaga chopibdi. Borsa — anovi tayyoriga bakovul «osh» jo`ralardan urug`liqqa ham yo`q, hammasi qochib ketgan. Hartugul, xudo asrab shiyponning omon qolgan joylari ham bor ekan. Tog`amiz darrov o`g`illarini boshlab borib, vayronani kuyindilardan tozalatibdi; «mening» imoratimdan ortib qolgan yogochu to`sinlarni eltib, shiyponni tiklash-ta`mirlashga kirishibdi. Erta-indin bitiraman deganda — bolalari maktabda ekan, yakkaqo`llik qilibdi— to`sin tushib ketib, tizzasidan pastini… Egasi kelib qolmasin, deb tirishgan-da.

Hovlining bir chetidagi o`g`liga atab qurilayotgan chala imoratga tikilgan ko`yi tushunqiramay turganimni ko`rib, tog`amiz alam-iztirob bilan bo`kirib yubordi:
—    Bo`lmasa, kelib mendan ko`radi-da, jiya-an!
—    Yo`g`-e, tog`a, jin uribdimi, axir! Amir bo`lamiz unchalik emas.
—    Baribir zoti past… Mayli. Lekin, falonchining dong`i Dong`jstonga ketgan shiyponi yonib ketibdi, desa, kimning jiyani u, deb so`raydimi mardum — so`raydi! Shu isnodni qanday ko`taraman dedim-da, jiya-an! Mana endi, oyoqning boshiga etib, bu yil anovi pomidor savil ham kechikib ketdi! — shunday deb tog`amiz sug`orish ishlari ketayotgan paykalga yuzlandi-yu, chayon chaqqandek baqirib yubordi: — O`v, o`v, men senga nima deb edim, ukkag`arning uli, suvni to`xtat, axir, tomirini yuvib ketadi! — So`ngra, baribir ko`ngli to`lmadimi, o`zini shartta supadan tashlab, taxtakach oyog`ini sudragancha, paykal sari alpong-talpong emaklab ketdi.

Bu besaranjom jonni endi to`xtatib bo`lmasdi. Shu ketishda, agar qo`yib bersangiz, huv Buramaqirning uchida oynalari oftobda yalt-yult jilolanib turgan tomoshabop imoratgayu undan qaytib «raqibi»ning Amirtepadagi kasofat shiyponiga ham emaklab borishi mumkin.
Ko`rib qo`ying, ana shunday bizning tog`a!
1994

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar