AsosiyJamiyat

Toshkent aeroportida kapsulali mehmonxona ochildi

'Toshkent aeroportida kapsulali mehmonxona ochildi'ning rasmi

Toshkent aeroportining jo`nab ketish terminalida kapsulali mehmonxona o`z faoliyatini boshladi. 

Mehmonxona jo`nab ketish terminalining kutish zalida, “Art Bazar” majmuasining chap tomonida joylashgan.

Qayd etilishicha, mehmonxonada ikki qavatda 24 ta kichik-xonalar mavjud. Shuningdek, birinchi qavatda yuvinish va xojatxona, ro`yxatga olish peshtaxtasi va ma`lumot tablosi bo`ladi, har bir xonada esa individual bortga taklif qilish tizimi mavjud.

“Xonalar to`liq o`lchamli bir kishilik yotoq va minimal jihozlar — chiroq, oyna, kiyim ilgich, qo`l yuki uchun javon, stol bilan jihozlangan kichik shinam kabinalar kabi qurilgan. Mehmonxonaning mohiyati shundaki, yo`lovchi transfer paytida aeroportdan chiqmasdan yoki tranzit zonasini tark etmasdan bu erda bir necha soat qolishi mumkin”, — deyiladi kompaniya matbuot xizmatida.

E-auksion.uz elektron platformasidagi savdolar orqali umumiy maydoni 240 kv.m bo`lgan mehmonxona xususiy kompaniya boshqaruviga o`tkazilgan va "Khamsa Hotel" brendi ostida faoliyat yuritadi.

Operator tomonidan belgilangan mehmonxonadan foydalanish tariflari foydalanish muddati va xona klassiga qarab 30 dan 150 dollargacha bo`ladi: 24 ta xonadan 23 tasi standart, 1 tasi lyuks xona bo`lib, oilaviy yo`lovchilar uchun mo`ljallangan.

Ta`kidlanishicha, mehmonxona sharqona uslubda taniqli mahalliy rassom Bobur Ismoilov tomonidan yaratilgan.

“Poytaxt aeroporti ko`z o`ngimizda zamonaviy xalqaro darajaga etmoqda va men uning o`zgarishiga o`z hissamni qo`shganimdan juda xursandman. Bizning loyihamiz dunyoning ko`plab aeroportlaridagi o`xshash mehmonxonalardan butunlay boshqacha uslubda ishlab chiqilgan. Biz mehmonxonaga Sharqona hashamatni berishni, xonalarda esa Evropa minimalizmi va ixchamligini saqlashga harakat qildik. Afsuski, har bir tranzit yo`lovchi O`zbekistonda qolib, qadimiy shaharlar va madaniyatni tomosha qila olmaydi. Shunday ekan, maqsadimiz aeroportning o`zida haqiqiy sharqona muhitni yaratish edi”, — deydi Bobur Ismoilov.

    Boshqa yangiliklar