Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani ixtisoslashtirilgan maktab internatida 2024 yil 18 yanvar kuni o`quvchilar ovqatdan zaharlangani ma`lum bo`ldi. Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar qildi.
Aniqlanishicha, mazkur maktab internatga autsors xizmati ko`rsatgan xususiy korxona tomonidan iste`molga yaroqsiz bo`lgan mahsulotlardan sifatsiz oziq-ovqat tayyorlanishi oqibatida 33 nafar o`quvchi “O`tkir gastrit” alomatlari bilan tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan.
Hodisa tezkor-tergov guruhi tomonidan o`rganilishi natijasida maktab oshxonasidan olingan ayrim mahsulotlar sanitariya me`yorlari qoidalari va gigiena normalari talablariga javob bermasligi hamda oshxona jihozlaridan foydalanish tartib qoidalariga rioya qilinmaganligi, bu esa bolalar o`rtasida yuqumli oshqozon ichak kasalliklari bilan kasallanishiga olib kelganligi aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan Sariosiyo tuman prokuraturasi tomonidan 26.01.2024-yilda O`zbekiston Respublikasi JKning 186-moddasi 4-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda






