Kiev Moskvadan Il-76 halokatida qurbon bo`lganlarning jasadlarini so`ramoqda — Rossiya esa sukutda. Bu haqda Ukraina Mudofaa vazirligi razvedka boshqarmasi vakili Andrey Yusov telemarafonda ma`lum qildi.
"Ukraina jasadlarni topshirishni so`radi va murojaat qilishda davom etmoqda. Hozircha Rossiya tomoni bunga rozi bo`lmadi. Shu bois, Ukrainaning nafaqat Il-76 samolyoti qulashi holatlari, balki uning ichida nimalar bo`lganligi – u erda odamlar bor-yo`qligi, o`q-dorilar bor-yo`qligi, kimlar bo`lganligi bo`yicha ham xolis xalqaro tergov o`tkazish talabi dolzarbligicha qolmoqda", — dedi Yusov.
Ukraina razvedkasi vakilining ta`kidlashicha, Rossiya Mudofaa vazirligi halok bo`lgan deb e`lon qilgan 65 nafar ukrainalik askarning maqomi o`zgarmagan — ular hamon harbiy asirlar sanaladi.
Rossiyaning Il-76 harbiy-transport samolyoti 24 yanvar kuni Belgorod viloyati yaqinida halokatga uchragandi. Rossiya Mudofaa vazirligi samolyot bortida 65 nafar ukrainalik harbiy asir bo`lganini ma`lum qilgan. Ukrainada ular Moskva mahbuslarni ushbu samolyotda tashish haqida ogohlantirmaganligini da`vo qilmoqda.






