Shoikrom ayvon to`ridagi sandal chetida xomush o`tirardi. Allaqachon bahor kelib, kunlar isib ketganiga qaramay, hamon sandal olib tashlanmagani, ammo hech kim bu to`g`rida o`ylab ko`rmaganini u endi payqaganday g`ashi keldi. Bo`z ko`rpa ustidan yopilgan, shinni dog`i qotgan quroq dasturxon ham hozirgina go`jadan bo`shagan spool tovoq, bandi kuygan yog`och qoshiq ham uning ko`ziga xunuk ko`rinib ketdi. Ammo beparvolik bilan qo`l siltadi-yu, do`ppisini sandal ustiga tashlab yonboshladi. Yarim kecha bo`lib qolgan, atrof jimjit. Faqat olislarda it uliydi. Ayvon to`sinidagi uzun mixga ilig`liq lampochka xira nur taratadi. Chiroq atrofida o`ralashgan chivinlar bir zum tinmaydi. Hovlining yarmigacha ariq tortib ekilgan qulupnay pushtalari orasida suv yaltiraydi. Onda-sonda rang olgan qulupnaylar ko`zga tashlanib qoladi. Qayoqdandir shamol keldi. Hovli etagidagi yong`oq shoxlari bir guvillab qo`ydi. Shoikrom uyqu elita boshlagan ko`zlari bilan o`sha tomonga qaradi-yu, ter hidi anqib turgan lo`labolishga boshini tashladi. Shu ondayoq yana o`sha tovoqqa, bandi kuygan qoshiqqa ko`zi tushib, tag`in g`ashlandi. “Ziqna bo`lmay o`l!- deb o`yladi xotinini so`kib.-Azaldan qurumsoq edi, zamon og`irlashgandan buyon battar bo`ldi”. Ichkarida chaqaloq yig`ladi. Beshikning g`irchillagani eshitildi. Bola xuddi shuni kutib turganday, battar big`illay boshladi. Kattasi ham uyg`onib ketdi shekilli, qo`shilishib yig`ilishga tushdi. Shoikrom siltanib qaddini rostladi. - Ovozini o`chir, Xadicha! Ichkaridan xotinining beshikni mushtlagani, zardali tovushi eshitildi: - Ovozi o`chsa koshkiydi! To`qqiz kechasida jin tekkan bunga! “ Kambag`alning ekkani unmaydi, bolasi ko`payadi o`zi,- deb o`yladi Shoikrom ijarg`anib. – Shu kunimdan ko`ra urushga borib o`lib keta qolganim yaxshiydi”. Uni urushga olishmadi. To`qimachilik kombinatida montyor etishmasmidi, yo o`zi yaxshi ishlarmidi, har qalay, uni olib qolishdi. Shoikrom urush boshlanishidan sal oldin uylangan edi. Urush bo`ldi-yu, zamon o`zgarib ketdi. Bir xil odamlar tirnoqqa zor. Uning xotini bo`lsa, yonidan o`tib ketsa ham boshqorongi bo`laveradi. Xudo bergandan keyin tashlab bo`larmishmi, deb ketma-ket uchta qiz tug`ib berdi. Urushning qora qanoti uzoqlab ketgan bo`lsayam, hamon uning soyasi odamlar boshiga ko`lanka tashlab turibdi. Hali u qo`shninikida aza ochiladi, hali bu qo`shninikida. Hovli etagidagi pastak eshik g`iyqilladi. Shoikrom kafti bilan ko`zini chiroqdan pana qilib qaradi-yu, shu tomonga kelayotgan onasini ko`rdi. U uylanganidan keyin otadan qolgan hovlini o`rtadan ikki paxsa devor olib bo`lishgan. Bungayam bir chekkasi Xadichaning injiqligi sabab bo`lgan edi. Har xil ikir-chikir gaplar chiqaverganidan keyin Umri xola ro`zg`oring boshqa bo`lsa o`zingga qayishasan, deb ularning qozonini boshqa qilib berdi. O`zi kichik o`g`li Shone`mat bilan narigi hovlida qoldi. Rangi uniqqan chit ko`ylak ustidan nimcha kiyib olgan Umri xola sharpaday unsiz yurib keldi-da, yapaloq “musulmon” g`ishtdan yasalgan zinadan ayvonga ko`tarildi. - Hali uxlamovmiding? – dedi u zinadan enkayib chiqayotganida surilib ketgan ro`molini qayta o`rab. - Ko`rmaysizmi, chaqaloq tinchimayapti. O`zim itday charchaganman. - Bola bo`lgandan keyin yig`laydi-da,- dedi Umri xola yupatuvchi tovushda.- Yotaver, bolam.- U yan o`sha unsiz odimlar bilan ichkari uyga kirib ketdi. Qaynana- kelin bir balo qilib, bolalarni tinchitishdi. Keyin ikkovlari boshlashib chiqishdi. Xadicha bir qo`lida choynak-piyola, bir qo`lida zog`ora non keltirib, dasturxon ustiga qo`ydi. - Choy o`lib qopti,- dedi u zog`ora ushatarkan. Umri xola Shoikromning yonboshiga, shaparak ko`rpachaga o`tirdi. - Ol o`zing ham,-dedi u tomirlari bo`rtib chiqqan qo`llari bilan, sochilgan uvoqlarni yig`ib og`ziga solarkan. Shoikrrom onasining barmoqlari tars-tars yorilib ketrganing endi payqadi. Ilgari ham shunaqamidi, yo`qmidi, eslay olmadi. - Ovqatingdan qolmadimi? – dedi u cho`kkalab o`tirgancha choy quyayotgan xotiniga qarab. Xadichaning uzunchoq sarg`ish yuzi qizardi. Aybdordek mahzun tovushda uzr so`radi: - Qolmovdi-ya. Shoikrom uning qizarganidan yolg`on gapirayotganini sezdi. Kim bilsin, ertalab o`ziga isitib berish uchun shunaqa deyayotgandir… - Yo`q, bolam, ovqat kerakmas,- dedi Umri xola shoshilib.- Xayol surib yotibuyqum o`chib ketdi…- U bir lahza jim qoldi-da, o`ziga gapirganday sekin qo`shib qo`ydi. – Payshanba kuni Komil tayibning uyiga boruvdim. Har kuni nahorga bir kosadan qo`y suti ichsa, dard ko`rmaganday bo`lib ketadi, dedi. - Hozir qo`y suti qatta,- dedi Xadicha.- Sigir suti otliqqa yog`-u... shu paytda sigirimiz tuqqan bo`lardi-ya. Shoikrom xotinining gapini eshitmadi. Birdan uning ko`z o`ngida pastak deraza ostida shiftga tikilib yotgan ukasi jonlandi. Bir hovlida turib o`n kundan buyon holini so`ramaganiga afsuslanib, ichidan xo`rsiniq keldi. Shone`mat Rossiyadan ko`chirib keltirilgan zavod qurilishida ishlay boshlaganida uni urushga olishmaganidan Shoikrom suyungan edi. Gap boshqa yoqda ekan. Ukasi sil ekan. Shuning uchun qoldirishgan ekan. Mana, uch oydirki, erga yopishib yotibdi. Shoikrom o`n kuncha ilgari ishga ketayotib birrov kirib ukasidan hol so`ragan edi. O`shanda Shone`matning qoq suyak bo`lib qolganini, katta-katta ko`zlari nimagadir chuqur ma`no bilan o`ziga tikilganini ko`rgan edi. “Yaqinda o`ladi, - deb o`yladi u onasining ko`ziga qaramaslikka harakat qilib, - baribir o`ladi”. - Tuzukmi? – dedi u hammasi uchun o`zi aybdorday qovog`ini solib. - Shukur,- Umri xola qult etib yutindi.- Hozir uxladi.- onasi shu topda chiqib ovora bo`lmagin, degan ma`noda gapirganini Shoikrom tushundi. - Ertalab xabar olaman,- dedi u onasi o`rnidan turganida. - Sendan nega gina qilarkan, bolam,- dedi Umri xola ayvon labida to`xtab.- Ko`rib turibdi-ku. Ertalab chiqib ketasan, yarim kechada qaytasan. Bu kunlar unut bo`lib ketadi, bolam.- Zinaga echgan kalishining bir poyi to`nkarilib qolgan ekan, umri xola oyog`ining uchi bilanto`g`rilayman deb, ancha ovora bo`ldi. Keyin zinalardan enkayib tushdi-yu, sharpaday unsiz yurgancha, hovli etagiga qarab ketdi. Pastak eshik g`iyqillab ochilib yopildi. - Padariga la`nat shunaqa turmushning! – dedi Shoikrom bo`g`ilib. Keyin dasturxonni yigi`shtirayotgan xotiniga o`shqirdi.- Seniyam padaringga la`nat! Tumshug`ingni tagidan sigiringni etaklab ketsa-yu, anqayib o`tirsang. - Nega menga o`dag`aylaysiz?- Xadicha tovoqni qoshiqqa urib, yig`lamsiradi.- Nima, meniyam Ilhom samovarchining xotiniday so`yib ketsinmidi? Siz kechalari smenda bo`lsangiz. Men uchta jo`ja bilan jonimni hovuchlab o`tirganim etmaydimi?! Shoikrom xotinini tarsakilab yubormaslik uchun yuzini o`girib, tishini g`ijirlatdi. Suv qalqisa, loyqasi yuqoriga chiqqanday, zamon qalqigandan buyon yomon ko`paydi. Erta bahorda ularning tug`ay deb turgan sigirini o`g`irlab ketishdi. O`sha kecha shoikrom tungi smenada edi. Kechasi bilan sharros jala quyib chiqdi. Shoikrom tong-saharda bir nimani sezganday ko`ngli g`ash tortib, uyiga qaytdi. Kelsa xotini, bolalari, onasi dod solib o`tirishibdi. Xadicha og`iroyoq emasmi, o`zi bilan o`zi ovora bo`lib bilolmay qolibdi. Ertalab tursa ko`cha eshik lang ochiq, yong`oqqa bog`loqliq sigir yo`q. “Shu paytgacha sigir tug`ardi, ukamning og`ziga aqalli bir kosa sut tutardim, - deb o`yladi Shoikrom o`kinib.- Qani o`shalar qo`limga tushsa, chopib tashlardim”. Shundoq dedi-yu, egasi ming poylasin, o`g`ri-bir mana, bundan ikki oycha ilgari Ilhom samovarchining xotinini pichoqlab ketishdi. Bechoraning bitta-yu bitta echkisi bor ekan. Hovliga o`g`ri tushganini bilib, xotin sho`rlik dod solibdi. Eri choxonada ekan. Yugurib borib echkining arqonidan ushlaganmi, xullas, etib kelgan qo`ni- qo`shnilar qora qoniga belanib yotganini ko`rishibdi. - Shu kunda yana o`g`ri oralab qoldi, - dedi Xadicha ko`rpachani qoqib tancha chetiga solarkan.- Qulupnay qizarmasidan bitta qo`ymay terib ketyapti. -Vahima qilma!- dedi Shoikrom qovog`ini o`yib.- Bolalar terib egandir. O`g`ri qulupnayga keladimi? - Og`ziga bir dona olgan bo`lsa buyurmasin. Nega kelmas ekan? Bir hovuchini opchiqib sotsa bir kosa jo`xori beradi. Ana, borib qarang, devorning bir cheti o`pirilib yotibdi! - Vahima qilma!- dedi Shoikrom yana g`o`ldirab. Ammo bu safar o`zining ham yuragi seskanib ketganini payqadi. Ko`nglida paydo bo`lgan g`ashlikni sezdirmaslik uchun hovliga tushdi. Sekin yurib, qulupnay pushtalari oldiga keldi. Ariqlardagi suv chiroq nurida yaltirab, shamolda jimirlar, marjonday terilib rang olganqulupnaylar suvga tegay-tegay deb turardi. “Rost-da,- deb o`yladi u pushtalar atrofida aylanarkan,- bir hovuch qulupnayga bir tovoq jo`xori beradi. Tansiq narsa... xadicha yolg`on gapirmaydi. Bolalar egan bo`lsa, buyurmasin, deyapti-ku. Pishiq, yo`latmaydi...” Bultur xotini xuddi shu qulupnay tufayli onasini ham qattiq ranjitgan edi. Umri xola bir xovuch qulupnay olgan ekan, xadicha bolalarga non puli bo`lar deb ekkanmiz, norastalarning nasibasiga tegmang, deb bobillab beribdi. Shoikrom o`shanda onasining yoz bo`yikelini bilanyuzko`rmas bo`lib yurganini esladi-da, yana o`sha gap xayoliga keldi. “Xadicha anoyi emas, qurumsoq...” U aylanib yong`oq tagiga bordi. Bordi-yu, chindan ham ko`cha tomondagi devorning bir cheti o`pirilganini, ostiga tuproq to`kilganini ko`rib, yuragi orqasiga tortib ketdi.Nazarida devorning kemtik joyidan birov mo`ralab turganday bo`ldi. Yong`oq shoxlarining shamolda vishillashi ham, oyog`i ostida to`kilib yotgan devor tprog`i ham shubhali, vahimali ko`rinib, darrov orqasiga qaytdi. Xadicha allaqachon uyga kirib ketibdi. U chiroqni o`chirib, sandal chetiga yotdi-yu, ko`nglidagi g`ulg`ula kuchayib ketaverdi. Kuzda o`zi bilan ishlaydigan yigitning hovlisidagi so`ritokdan g`arq pishib yotgan uzumlarini o`g`irlanvb ketishganini esladi. Shamol borgan sari avjga chiqar, hovlidagiyong`oq barglari shovillab, shoxlari g`irchillar, allakim ship-ship qadam bosib, ayvon labiga kelayotganday bo`lardi. Xadicha rost aytadi. U kechalari smenada bo`lsa, xotini uchta jo`ja bilan jon hovuchlab tong ottirsa, o`g`rigao`ljanini katta-kichigi bormi? Qo`liga nima ilinsa olaveradi-da. Bordi-yu, o`zi yo`g`ida uyini o`g`ri bossa, xotini dod solsa, pichoqlab tashlasa. U yoqdan onasi chiqsa, uniyam pichoqlasa... “ Vijdonsiz! Odamlarning boshiga kulfat tushganidan foydalanib qoladiganlarni qirish kerak”. Birdan xayoliga kelgan fikrdan uning vujudi titrab ketdi. Qora kunlari uchun, ne umidlar bilan tishida tishlab yurgan g`unajinini o`g`irlagani uchun, o`lim to`shagida yotgan ukasining oxirgi nasibasidan mahrum qilgani uchun, non puli bo`lar deb etishtirgan mevasidan judo qilayotgani uchun shundoq qasos olsinki, o`sha xudo bexabarlardan. U o`rnidan sakrab turib ketdi. Chiroqni yoqib, otilib hovliga tushdi. Hamon shamol o`kirar, osmonning goh u, goh bu burchida chaqmoq yaraqlab, yong`oq shoxlari shubhali g`iyqillar, ammo endi bular uni qo`rqitolmas edi. U yonboshidagi oshxonaga kirdi-yu, cho`ntagidan gugurt olib chaqdi. Titroq qo`llari bilan qorayib ketgan devordagi mixga ilig`liq turgan ikki o`ram simni oldi. Bir vaqtlar urushdan oldin u bu simlarni bazmlarga olib borar, odamlarning hovlisini mash`aladay yoritib berardi. Endiyam yaxshilikka xizmat qilsin! “Menga desa otib yubormaydimi! – deb o`yladi u ayvon labiga cho`qqayib o`tirganicha usti yopiq simni ochiq simga ildam ularkan.- Harna bitta haromxo`rni o`ldirganim. Bittasi o`lsa, boshqalari adabini eydi”. U chaqon harakat qilar, a`zoyi badani terlab ketgan, ammo buni o`zi payqamas, faqat bir so`zni takrorlardi: “Menga desa otib yubormaydimi!” U simning ochiq qismini qulupnay pushtalari ustiga uloqtirdi. Sim ilonday bilanglab pushta ustiga tushdi. Yopiq qismini ayvon tagidan olib o`tdi-da, bir uchini ustundagi ilgakka tiqib qo`ydi. Keyin birdan bolalar kechasi hovliga tushsa nima bo`ladi, degan xayol miyasiga urildi-yu, uyga kirdi. Xadicha yotgan joyida uyqusirab boshini ko`tardi. - Ha? - Hovliga chiqma, bolalar ham chiqmasin, o`ladi! – dedi Shoikrom ko`zlari yonib. Xadicha hech nimaga tushunmadi shekilli, “xo`p” dedi-yu, boshini yostiqqa tashladi. Zum o`tmay tekis, chuqur nafas ola boshladi. Shoikrom ayvon chirog`ini o`chirib, yana uyga kirdi. Har ehtimolga qarshu shundoq eshik tagiga, namatga ko`ndalang yotib oldi. “Menga desa otib tashlamaydimi? “ deb o`yladi yana o`shanday zarda bilan. Shu topda negadir bolalarini emas, xotinini ham emas, ukasini o`yladi. Shone`mat bolaligida ham zaifgina edi. Shoikrom uni har kuni maktabdan o`zi olib kelar, ikkinchi smenada dars tugaguncha poylab o`tirardi. Otasi o`lganida Shoikrom oltinchida, ukasi ikkinchida o`qirdi. O`shanda Shone`mat yig`lamagan, ammo ichikib kasal bo`lib qolgandi. Ona-bola uni avaylab katta qilishdi. Endi bo`lsa, besh kunligi qoldimi yo`qmi, aka bo`lib xabar ham ololmaydi. Shoikrom uxlamadimi, yo`qmi, bilolmadi. Bir mahal bola yig`ladimi, yo tashqarida shamolning guvillashi aralash dahshatli bir faryod qulog`iga kirdimi, anglay olmay qoldi. Sapchib o`rnidan turib ketdi. Ayvon chirog`ini yoqishi bilan qulupnay pushtasida muk tushib yotgan odam gavdasini ko`rdi-yu, dahshatdan qotib qoldi. Shu ondayoq xato qilganini, qotillik qilganini payqadi. Sim uchini shartta ilgakdan yulib olib, hovliga otildi. “Boshqalari qochdi” degan fikr lip etib xayolidan o`tdi. Pushtalar ustida sakrab-sakrab yurib borarkan, oyog`i botib ketayotganini payqadi. Keyin g`ujunak bo`lib yotgan odamdan uch qadam beriroqda to`xtadi-yu, birdan cho`kkalab qoldi. Bir lahza ko`zlari olayib tikilib turdi-da, ko`ksidan shamol g`uvurini ham, o`z vujudini ham larzaga soluvchi bir nido otilib chiqdi: - Oyi-i-i! U boshidan hushi uchib borayotganini elas-elas his qilib o`zini erga otdi. Titroq qo`llari bilan loy changallagancha cho`kkalab ko`ksiga mushtlay ketdi. - Oyi! Oyijon ! Umri xola bir qo`li bilan uniqqan chit ko`ylagining etagini mahkam changallab olgan, etak ichida ikki hovuch pishgan-pishmagan aralash qulupnaylar ko`rinib turar, boshqa qo`li bilan esa ilondek simni ushlab turardi. Shoikrom uning qulupnay qizili yuqqan, yorilib ketgan barmoqlarini, bo`rtgan tomirlarini aniq ko`rdi. Nariroqda, loyli ariq ichida uning kalishi yotar, chamasi, sim oyog`iga tekkanida yulib olmoqchi bo`lgan-u, qo`liga o`ralashib yiqilgan edi. Shoikrom loyli marzadan emaklab borgancha, o`zini onasining quchog`iga otdi. - Oyijon, oching ko`zingizni!- dedi u gezarib ketgan lablari bilan onasining muzday yuzidan o`pib. U anchadan keyin o`ziga keldi-yu, tepasida xotini turganini, qizchalari yig`layotganini payqadi. Boshini ko`tarishi bilan marza chetida cho`nqayib o`tirgan Shone`matga ko`zi tushdi. Necha haftalardan buyon o`rnidan jilmay yotgan ukasi, aftidan, qandaydir kuch topib emaklab chiqqan, ko`ylagining elkalari osilib turar, katta-katta ko`zlari vahima bilan boqar edi. -Nima qilib qo`ydim, ukam! – dedi Shoikrom yana balchiqqa belangan kafti bilan yuzini changallab. Keyin yana onasining ustiga o`zini tashladi. U onasini ko`tarishga urinar, ammo onasining ikki buklangan gavdasi negadir hech tiklanmas edi. - Sut ichmay zahar ichsam bo`lmasmidi, - dedi Shone`mat ovozi titrab. Shoikrom bu ojiz, titroq tovushdan seskanib, ukasiga tikilib qoldi. - Zahar ichsam bo`lmasmidi,- dedi Shone`mat yana o`sha ohangda. Aftidan, u yig`lay olmas, yig`lashga madori etmasdi.- Kechayam aytuvdim, ko`nmadilar. Qulupnayga sut alishadi, dedilar. Shoikrom boshqa hech nimani eshitmadi. Eshitolmadi. Foydasi ham yo`q edi.
* * *
Umri xolani peshin namoziga chiqarishdi. Go`ristondan chiqib kelishayotganida Shoikrom odamlarning o`zaro gapini eshitib qoldi.
— Urush tamom bo`pti, eshitdingizmi?
1967 yil