AsosiyJamiyat

“Qamchiq” dovonida intellektual transport tizimi joriy etiladi

'“Qamchiq” dovonida intellektual transport tizimi joriy etiladi'ning rasmi

Joriy yilda 21 300 km avtomobil yo`llari va 315 ta ko`priklar rekonstruksiya qilinadi va ta`mirlanadi. Shuningdek, Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda A373 “Toshkent – O`sh” avtomobil yo`lining “Qamchiq” dovonidan o`tgan 100 km qismida intellektual transport tizimini joriy etish ishlari olib boriladi. Bu haqda AOKAda o`tkazilgan brifingda Avtomobil yo`llari qo`mitasi axborot xizmati rahbari Nilufar Jumaeva ma`lum qildi.

Ma`lum qilinishicha, 29 yanvar kuni Prezident huzurida uy-joy, qurilish, kommunal xo`jaligi, transport va ekologiya yo`nalishlari bo`yicha videoselektor yig`ilishi bo`lib o`tgan edi. Yig`ilishda avtomobil yo`llari tizimida eskicha yondashuvlarga barham berish zarurligi ta`kidlandi.

Xususan, yo`l qurilishidagi aksariyat standart va me`yorlar bugungi kun talabiga javob bermasligi, yo`l qurilishi loyihalariga maxsus sertifikatga ega muhandis-konsultantlar etarli darajada jalb qilinmaganligi;

yo`l ob`ektlarini loyihalashtirish ishlaridan boshlab, qurilish-ta`mirlash ishlarini amalga oshirish, foydalanishga topshirish

va ekspluatasiya qilishgacha bo`lgan jarayonda ajratilgan resurslardan to`g`ri

va samarali foydalanish tizimi yaratilmaganligi;

yo`llarni qurish va ekspluatasiyaga berish bo`yicha davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida loyihalar amalga oshirilmayotganligi;

transport vositalarining vazn va hajm parametrlarini nazorat qiluvchi tarozilarni o`rnatish ishlari qoniqarsiz ekanligi tanqid qilindi.

Yig`ilishda belgilangan topshiriq va vazifalarning ijrosini ta`minlash maqsadida Avtomobil yo`llari qo`mitasi tomonidan joriy yilda quyidagilar amalga oshiriladi:

birinchi, ajratilayotgan mablag`lardan samarali foydalanish, jumladan tannarxni pasaytirish va optimallashtirish, qimmatlashuvning oldini olish ishlari olib boriladi;

ikkinchi, yo`l ishlari bo`yicha texnik topshiriq shartlarini ishlab chiqishda namunaviy loyiha andozalaridan voz kechilib, har bir loyihaga alohida yondashgan holda yo`l qoplamalari konstruksiyalariga zamonaviy materiallar va texnologiyalar qo`llaniladi;

uchinchi, 21 300 km avtomobil yo`llari va 315 ta ko`priklar rekonstruksiya qilinadi va ta`mirlanadi, bunda yo`l qurilishi loyihalariga maxsus sertifikatga ega muhandis-konsultantlar jalb qilinadi;

to`rtinchi, loyihadan ob`ektni topshirishgacha, shuningdek, ularni ekspluatasiyasi bilan bog`liq barcha jarayonlarda talon-tarojlikka chek qo`yish maqsadida tizim yaratiladi, bunda sohani raqamlashtirish bo`yicha “Yagona elektron platforma”ni yaratish ishlari yakunlanadi va “test” rejimida ishga tushiriladi;

beshinchi, sohaga davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida hududlarda 20 kmdan kam bo`lmagan jami 260 km avtomobil yo`llarini ekspluatasiya qilish ishlariga xususiy sektor jalb qilinadi;

oltinchi, sohaga oid 40 tadan ortiq standart va normativ hujjatlar Xalqaro muhandis-konsultantlar federasiyasi talablari asosida ishlab chiqiladi;

ettinchi, 30 donadan ortiq ko`chma va stasionar tarozilar ishga tushiriladi;

sakkizinchi, Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda A373 “Toshkent – O`sh” avtomobil yo`lining “Qamchiq” dovonidan o`tgan 100 km qismida intellektual transport tizimini joriy etish ishlari olib boriladi.

 

    Boshqa yangiliklar