Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda Umra amalini bajarish uchun Makka va Madina shaharlariga kelgan va Vatanga qaytish bilan bog`liq muayyan qiyinchiliklarga duch kelgan o`zbekistonlik ziyoratchilar haqida videolar tarqalgan edi.
Shundan so`ng, Diniy qo`mita fuqarolarni olib kelish bo`yicha choralar ko`rilayotganini ma`lum qildi. Ayni paytda Turizm qo`mitasi “Panorama airways” tomonidan parvozlarning kechikishi tufayli fuqarolarning "Umra" safaridan qayta olmayotganligi yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 8 avgustdagi 345-sonli «Umra» tadbirlarini tashkil etish va o`tkazishda ziyoratchilarning manfaatlarini samarali himoya qilish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori qabul qilingan edi.
Qarorga muvofiq, turistik faoliyatni amalga oshirish lisenziyasi chiqish turizmi kichik turining "Umra" xizmatlarini ko`rsatish faoliyati bo`yicha quyidagi qo`shimcha lisenziya olish uchun talablar va shartlar joriy etilgan edi:
• "Umra" xizmatlari davomida ziyoratchilarning guruh rahbari etib O`zbekiston musulmonlari idorasi bilan tuziladigan shartnoma asosida uning diniy bilim va ko`nikmalarga ega bo`lgan mutaxassislarini tayinlash;
• "Umra" xizmatlarini ko`rsatuvchi turoperator shtatida diniy (islomiy) ta`lim yo`nalishlari bo`yicha respublika ta`lim muassasasi yoki O`zbekiston xalqaro islom akademiyasining tegishli bakalavriat ta`lim yo`nalishi yoxud magistratura mutaxassisligi bitiruvchisi bo`lgan kamida bir nafar mutaxassisning bo`lishi;
• "Umra" xizmatlarini voyaga etmagan fuqarolarga ko`rsatmaslik;
• "Umra" xizmatlarini Saudiya Arabistoni Podshohligidagi hamkor tashkilot o`rtasida imzolanadigan shartnomaga muvofiq amalga oshirish.
• 100 ming AQSh dollaridan kam bo`lmagan mablag`larni Turizm qo`mitasining Xavfsiz turizm jamg`armasiga zaxira qilib qo`yish.
Mazkur zaxiradan turoperator tomonidan «Umra» xizmatlarini sifatsiz ko`rsatishidan jabr ko`rgan ziyoratchilarga etkazilgan moddiy va ma`naviy zarar o`rnini qoplash uchun sud qaroriga muvofiq foydalaniladi.
"Umra" lisenziyasiga ega turoperatorlar to`g`risidagi ma`lumotlar Turizm qo`mitasining Uzbektourism.uz axborot portaliga joylanib, doimiy ravishda yangilanib borilmoqda.
Afsuski xozirgi paytda ayrim «tadbirkorlar» tomonidan Umra tadbirlarini amalga oshirishda etarli tajriba va ko`nikmalarga ega bo`lmay, «Umra» lisenziyasini olmasdan fuqarolarimizning ishonchiga kirib, noqonuniy ravishda ishlab kelishi uchramoqda. Turizm qo`mitasi tomonidan bunday ma`lumotlar huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilmoqda.
Ma`lumot uchun: "Umra" xizmatlarini sifatsiz ko`rsatishidan jabr ko`rgan ziyoratchilar o`rnatilgan tartibda murojaat etishlari mumkin hamda ularga etkazilgan moddiy va ma`naviy zarar sud qaroriga muvofiq undirib beriladi.






