Kundan-kunga kibersport sohasiga ko`proq e`tibor berilib, unga katta mablag` sarlanmoqda. Bu borada o`zbekistonlik kibersportchilar ham o`zini ko`rsatishda davom etmoqda, deb yozadi “Championat.asia” nashri.
Dota 2 bo`yicha jahonning eng kuchli jamoalaridan biri Na'Vi (Natus Vincere) a`zosi Akbar Bo`taev ("SoNNeiko") hozirgi kunda sayyoramizning eng iqtidorli dotachilaridan biri hisoblanadi. Asli Toshkentdan bo`lgan Akbar kibersportdagi faoliyatini "Cleave Gaming" jamoasida boshlagan. Jamoaning shubhali natijalariga qaramasdan, "Empire" Bo`taevni o`z safiga taklif qiladi. 2014 yilda u "Power Rangers", 2015 yilda esa Na'Vi jamoasiga o`tadi.
O`sha paytda Na'Vi omadsizliklarni boshidan o`tkazayotgan edi va Akbar jamoaga yangi havo olib kirishga harakat qildi. Ammo 2015 yilning oktyabr oyida Na'Vi jamoasi tarkibi yangilandi, lekin hamyurtimiz o`z joyini saqlab qoldi. Bir qancha vaqt 19 yoshli kibersportchimiz jamoa sardori vazifasini ham bajarib turdi. Akbar Bo`taev turli turnirlarda hozirgacha 95 756 dollar ishlab topgan. Akbar bir necha kun oldin Dota 2 reytingida dunyoning to`qqizinchi raqamli dotachisiga aylandi. MDH mamlakatlari orasida faqat rossiyalik kibersportchi undan bir necha pog`ona tepada.