Osiyo kubogi-2023 finalida mezbon va amaldagi chempion Qatar turnir kashfiyotiga aylangan Iordaniyaga qarshi maydonga tushdi.
"Lusail" stadionida turnir finallaridagi muxlislar tashrifi rekordi – 86 492 tomoshabin qarshisida o`tgan hal qiluvchi bahsda xitoylik hakam tomonidan belgilangan uchta penalti bosh sovrin taqdirini hal qildi.
Final bilan birga turnir qahramoniga aylangan Akrom Afif 22, 73 va 90+5-daqiqada penaltilardan uch marta foydalanib, Qatarga turnirdagi ketma-ket ikkinchi chempionlikni keltirdi – 3:1.
Shu bilan birga Afif het-trigi evaziga to`purarlar ro`yxatida Aymanni (6ta gol) ortda qoldirib, 8ta gol bilan musobaqaning eng yaxshi goleadoriga aylandi.
Qayd etish joiz, Qatar bu turnirda faqatgina O`zbekiston milliy jamoasini chorakfinal o`yinida mag`lub eta olmadi va penaltilar seriyasidagi g`alaba evaziga yarimfinalga chiqqandi.