AsosiyJamiyat

O`zbekistondan Hindistonga tilla olib chiqib ketayotganlar qamaldi

'O`zbekistondan Hindistonga tilla olib chiqib ketayotganlar qamaldi'ning rasmi

2023 yilning 24 iyul kuni Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan bojxona organlari bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda “Namangan–Toshkent” yo`nalishida harakatlanayotgan “Kobalt” rusumli avtomashina “Namangan” YPX maskanida to`xtatilib, ko`zdan kechirildi. Bu haqida DXX Darakchi.uz`ga ma`lum qildi.

Natijada, undagi yo`lovchi, Namangan shahrida yashovchi, 1978 yilda tug`ilgan K.N.ning yonida 1 dona yarim tayyor zanjir holatidagi tilla taqinchoq borligi ma`lum bo`ldi. 

Shuningdek, mazkur yo`nalishda harakatlanayotgan “Lasetti” rusumli avtomashina ham Pop tumani hududida to`xtatilib, ko`zdan kechirilganda, unda yo`lovchi sifatida ketayotgan, Namangan shahrida yashovchi, 1991 yilda tug`ilgan  G`.O.ga tegishli 29 dona yarim tayyor zanjir ko`rinishidagi tilla taqinchoqlar borligi aniqlandi. 

Ma`lum bo`lishicha, G`.O. juda ko`p miqdordagi quyma tilla mahsulotlarini notanish shaxslardan sotib olib, ularni zargarlarga zanjir ko`rinishida yasattirgan. 

O`z navbatida K.N. ushbu tilla buyumlarni qonunga xilof ravishda bojxona nazoratini chetlab o`tib, Toshkent xalqaro aeroporti orqali Hindiston davlatiga olib borib sotishni rejalashtirgan. 

Ekspertiza xulosasiga ko`ra, mazkur 30 dona yarim tayyor holatdagi tilla taqinchoqlarning sof og`irligi 1 kg. 516 gr. bo`lib, qiymati 1 mlrd. 46 mln. so`mga teng.

Ta`kidlash lozimki, chegara-bojxona postidagilarning e`tiborini tortmaslik maqsadida, 958 dan yuqori asllik darajasida bo`lgan zanjir ko`rinishidagi tilla taqinchoqlarga “916”, “22KR” asillik darajasi o`rnatilgan. 

Holat yuzasidan DXX Namangan viloyati bo`yicha boshqarmasining Tergov bo`limi tomonidan G`.O. va K.N.ga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,182-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borildi.
Jinoyat ishlari bo`yicha Namangan shahar sudi tomonidan esa G`.O.ga nisbatan 3 yil, K.N.ga nisbatan 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

    Boshqa yangiliklar