Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda qalbaki xorijiy valyutalarni muomalaga chiqarishga uringan shaxslar ushlandi. Bu haqda “darakchi.uz”ga DXX matbuot xizmati xabar qildi.
Ma`lum qilinishicha, “Namangan-Toshkent” yo`nalishida harakatlanayotgan, Toshkent viloyatining Chinoz tumanida yashovchi, 1978 y.t shaxs boshqaruvidagi “Honda” rusumli avtomashina Pop tumani hududida to`xtatilib, ko`zdan kechirilganda, unda qalbaki 4 ming AQSh dollari borligi ma`lum bo`ldi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, u mazkur qalbaki valyutalarni kelgusida sotish maqsadida Yangiqo`rg`on tumanida yashovchi, 1971 y.t., muqaddam sudlangan fuqarodan 2200 AQSh dollariga sotib olganligi aniqlandi.
So`ngra tezkor tadbir davom ettirilib, Yangiqo`rg`on tumanida yashovchi fuqaro qalbaki 5400 AQSh dollarini haqiqiy 3 ming AQSh dollariga ayirboshlagan vaqtida ushlandi.
Aniqlanishicha, u qalbaki valyutalarni Qirg`iz Respublikasidagi jinoiy sheriklaridan olib kelgan.
O`tkazilgan tezkor tadbir natijasida jami qalbaki 9400 AQSh dollari ashyoviy dalil sifatida olindi.
Hozirda mazkur fuqarolarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 176-moddasi 2-qismi “b”, “v” bandlari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






