AsosiyShou-biznes

Loladan uyalgan Shohruhxon, Rayhonning o`rniga kuylagan Shahriyor, kutilmaganda sahnaga chiqqan Xasanboy Do`stmatov(Foto)

Xonanda Lola kecha, 21 noyabr kuni “Istiqlol” san`at saroyida uch kunlik yakkaxon konsert dasturga start berdi. “Darakchi.uz” jamoasi konsertda mehmon bo`ldi. Konsert ko`tarinki ruhda, kutilmagan lahzalarga boy tarzda o`tdi.    

Lolaning konserti kutilganidek 19:00 da emas, yarim soat kech ya`ni 19:30 da “Endi yo`q” qo`shig`ining remiks varianti bilan boshlandi. Xoreograf Tatyana Kruglova sahnalashtirgan raqslar tahsinga sazovor. Raqslar Lolaning har bir qo`shig`i mazmunidan kelib chiqqan holda va ruhiy holatiga monand tarzda sahnalashtirilgan. 

Lola konsertida yangragan qo`shiqlarining 50 foizini jonli ijro etgani ham e`tiborga molik. Dasturda xonandaning muxlislar qalbidan joy egallagan “Senga”, “Orzu”, “Sevgimsan”, “Yig`lar osmon”, “Ko`nikmadim”, “Qaytmaydi”, “Sog`inch”, “Xayr”, “Xabar ol”, “Sog`indim” kabi qo`shiqlari va “Bilmaysan”, “Otmagay tong” kabi yangi taronalari ham yangradi. 

Lolaning qo`shiqlarni bir-biriga mahorat bilan ulab ketishi, so`zga chechanligi, muxlislar bilan jonli muloqot qilishi ham e`tiborga molik. Shohruhxon bilan ijro etilgan “Yig`lar osmon” duetidan so`ng Lolaning Shohruhxonga xazillari hammani kuldirdi. “Bugun Shohruhxon nimadandir uyalpti. Asal siz bilan birga kelganmidi? U zaldami?”,—dedi Lola biroz tortinchoqlik bilan sahnada qo`shiq ijro etgan Shohruhxonga qarata. Biroq Shohruhxon uning savollariga javob qaytarmadi va shunday tortinchoqlik bilan zalni tark etdi. 

Lolaning qizi Shahina ilk marta katta sahnada qo`shiq kuyladi. “Erkatoy” qo`shig`i Lola ijrosida emas, balki Shahina ijrosida jarang sochdi. Onasining yoshligini eslatuvchi bu qizcha qo`shiqni mahorat bilan ijro etdi.

Xonanda Lola navbatdagi qo`shig`ini ijro etib bo`lgach, kiyimini almashtirish uchun sahna ortiga o`tib ketdi. Zaldagi chiroqlar o`chirildi va sahnada to`rt raqqos paydo bo`ldi. Ular qo`llaridagi uzun arqon bilan ramziy ma`nodagi ringni hosil qildi. Birozdan so`ng musiqa sadolari ostida ringda bokschi paydo bo`ldi. Dastlab, uni hamma raqqoslardan biri deb o`yladi. Biroq u “Rio-2016” Olimpiadasi oltin medali sohibi Xasanboy Do`stmatov edi! Boshlovchi uni tanishtirganida, muxlislar bokschimizni hayajon bilan olqishladi. Do`stmatovdan so`ng ringga yana bir “bokschi” kirib keldi. Oppoq kiyimdagi bu “bokschi” esa reper Shahriyor edi. Shahriyor Lola  bilan birga “Ko`nikmadim”duetining yangi talqinini ijro etdi.  

Konsert dasturida kuylangan yagona yangi tarona Lola ijrosidagi “Otmagay tong” bo`ldi. Qo`shiq boshlanishidan avval Lola Vatan haqidagi fikrlari va kechinmalarini o`qib berdi. Shundan so`ng barchaga tanish, qadrdon bo`lgan “Otmagay tong” qo`shig`i ilk marotaba Lola ijrosida jarang sochdi. Mazkur qo`shiqni tinglagach, Lola milliy qo`shiqlarimizni ham mahorat bilan ijro eta olishiga ishonch hosil qildik.

Shuningdek, Lola ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali e`lon qilgan tanlovi g`oliblarini ham sahnaga taklif etdi va ular bilan birga jonli ijroda “Orzu” qo`shig`ini ijro etdi. Xonandaning Rustam Rustamov va Muqaddas ismli muxlislari biroz hayajonlanganini hisobga olmaganda, qo`shiqni yaxshi ijro etishdi. 

Lola mahzun taronalarni ijro etayotganda tomoshabinlar uni telefon chiroqlari bilan qo`llab-quvvatlab turishdi. Bu holat o`ta chiroyli manzara kasb etdi. Lola o`zini qo`llab-quvvatlayotgan barcha muxlislarga minnatdorchilik bildirdi. 

Konsertda Lolaning hamkasblaridan xonandalar Ulug`bek Rahmatullaev, Munisa Rizaeva, Ruxshonalar mehmon bo`ldi. Shuningdek, klipmeyker Yodgor Nosirov, dizayner Hilola Sher ham Lolani konsert bilan tabrikladi. 

Konsert dasturi bir yarim soat davom etdi. Lola “Sog`indim” qo`shig`ini kuylab, konsertining birinchi kuniga yakun yasadi. Muxlislar Lolani qo`yib yuborgisi kelmadi, xonanda yaritm soatcha muxlislarning gul va sovg`alarini qabul qilish bilan band bo`ldi. “Hali sahnadan ketganim yo`q, biroq sizni sog`ina boshladim” dedi xonanda muxlislarga qarata. 

Bir so`z bilan aytganda, Lolaning yangi konserti kutilganidan ham a`lo darajada o`tdi. Yorqin shoudan bahra olishingiz uchun yana ikki kun vaqtingiz bor! Xonandaning konserti 22-23 noyabr kunlari ham davom etadi.





















Boshqa yangiliklar