AsosiyShou-biznes

Matyoqub Matchonov o`zi haqda tarqalgan gap-so`zlarga oydinlik kiritdi

O`zbek Drama teatri aktyori, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Matyoqub Matchonov haqida so`nggi oylarda turli gap-so`zlar tarqaldi. Aktyorning hayotidagi qora chiziqlarni esa hamma o`zicha baholab, xulosa qilishga ham ulgurdi. Matyoqub Matchonov “Darakchi” gazetasida mehmon bo`lib, o`zi haqdagi gap-so`zlarga oydinlik kiritdi. 

“Inson baribir o`zi bilmagan holda xatolarga yo`l qo`yar ekan. Aytmoqchimanki, ko`ngilchan, ishonuvchanlik bilan pand er ekanmiz. Men ham vaziyat qurboniga aylanib qoldim. San`atdan bo`sh vaqtimda tadbirkorlik bilan shug`ullanib, birovlarga ishonib qolgan ekanman. Aldandim. Lekin meni tanigan, hurmat qilgan va muxlislik qilganlarni uyaltirib qo`yadigan ish qilmaganman. Asosiysi, men Vatanimga, oilamga va xalqimga hech qachon xiyonat qilmaganman, qilmayman ham. Buni baralla ayta olaman. Bo`lib o`tgan voqealarga esa batafsil to`xtalib o`tishni istamasdim... To`rt oy ichida o`zimdan o`tganini o`zim bildim, bu men uchun bir umrga ta`tigulik maktab bo`ldi. Meni shu kuyga solganlarga esa aytar gapim yo`q. Hammaning o`z vijdoniga havola”,—deydi aktyor “Darakchi” muxbiri bilan suhbatda. 

“Mening vaziyatimda do`stlarim saralanib, kamaygani yo`q. Aksincha ularning soni ortdi. Shu kungacha sevimli ekanligimni, do`stlarim qattiq qadrlashini bilmagan ekanman. O`tgan vaqt davomida hamkasblarim, yaqinlarim, shogirdlarim kuch bag`ishlab turishdi. Buning uchun ularga minnadorchilik bildiraman. Hukumatimiz tomonidan e`lon qilingan amnistiya sabab ozodlikka chiqdim. Buning uchun hukumatimizga ham alohida tashakkur aytaman. 

Biroq bo`lgan vaziyatni bilib-bilmay baholab, obro`imga putur etkazmoqchi bo`lganlar ham topildi. “Haqiqat egiladi, bukiladi, lekin sinmaydi” deganlaridek, mana yorug` kunlarga ham chiqdim. Ular esa o`sha zahoti niqoblarini o`zgartirib, mendan uzr so`rashga shoshilishdi. Ortimdan tuhmat-bo`hton qilib, keyin kechirim so`rashning nima keragi bor? To`g`rimi?”,—deya so`zlarini davom ettiradi aktyor do`stlari haqida gapirar ekan. 

Matyoqub Matchonov bilan to`liq suhbatni “Darakchi” gazetasining 24 noyabr kuni sotuvga chiqadigan yangi sonida o`qishingiz mumkin.

Boshqa yangiliklar