1

«Dadamning makkora kotibasi»

Mutolaa 24.11.2016, 15:03
Teglar: Xikoya
«Dadamning makkora kotibasi»

Yosh boshimga yopirilgan g`alvalardan dovdirab qoldim. Shu paytgacha hayotning faqat oppoq tomonini ko`rib kelgan ekanman. Endi esa uning qora ranglarini ham ko`rishga majbur bo`lyapman. Eng yomoni, bu qoraliklarni menga o`z yaqinlarim, ishonganlarim ko`rsatishdi. Shundan keyin bolalagimda men uchun tushunarsizdek tuyulgan ayrim voqea va hodisalarga ham aniqlik kiritilgandek bo`ldi. Odamning ko`zi moshdek ochilganidan keyin tushunmovchiliklarning barchasi barham topsa kerak...

 

Hikoyam tushunarli bo`lishi uchun gapni hayotimning oq tomonidan boshlasam. Oilada to`rt qizmiz. Dadam esimni bilganimdan buyon rahbar lavozimlarda ishlaganlar. Onam esa uy bekasi. Ro`zg`orimizda kamchilik bo`lmasa-da, onam negadir qisinib-qimtinib yurardi. Biz — qizlar sho`xlik qilib, ba`zida onamga “Nega sira bo`yanib-yasanmaysiz?” deb o`zimizcha stilistlik qilib, onamni sochlarini turmaklab, bo`yantirib qo`yardik. Onam kun bo`yi quvonib shu tarzda yurardi-da, dadam ishdan kelar vaqti bo`lganda yuzini yuvib, boshiga ro`molini o`rab olardi. Lekin onam soddagina bo`lgani bilan bizga o`ta qattiqo`l edi. Hammamiz maktabda “a`lo” baholarga o`qirdik. Maktabda bizning oilani hamma maqtardi. Lekin dadam o`qishni davom ettirishimizga qarshi edi. Opamning shifokor bo`lish orzusi bor edi, lekin dadam gapiga quloq ham solmadi va turmushga berib yubordi. Opamdan keyin menga ham sovchilar kela boshladi. Liseyni tugatay deb yalinib-yolvorib, dadamni zo`rg`a ko`ndirdim. Bo`lmasa, meni ham uzatib yubormoqchi bo`lishgandi. Liseyga eng yuqori ball bilan kirganman, jamoat ishlarida ham faolligim uchun hech bir tadbir mensiz o`tmaydi. O`qituvchilarim o`qishni davom ettirishimni istab, buni onamga ham aytishgan. Onam esa “dadasi qo`ymaydi” deb gapni qisqa qilardi. Yaqinda liseyimizda shahar hokimi va boshqa martabali mehmonlar tashrif buyurishgan bir tadbirida boshlovchilik qildim va tadbir tugagach, sahnaning zinasidan yiqilib tushdim. Oyog`im shishib, uch kun shifoxonada yotishimga to`g`ri keldi. O`sha kunlarning birida bir yosh ayol meni ko`rgani keldi. Tanimaganim uchun ajablandim. U esa o`zini Sabohat deb tanishtirdi va dadam bilan birga ishlashini, mening kasalxonada yotganimni eshitib, atayin ko`rgani kelganini aytdi. Qimmatbaho atir hidi ufurib turgan, sochlari chiroyli turmaklangan, o`ziga yarashgan libosi qomatiga chippa yopishgan ayolning husniga havasim keldiyu, lekin negadir ko`nglim xira bo`ldi. Bu chiroyli ayol har kuni dadamning ko`z o`ngida yurishini o`ylab, o`zimning sodda, kamsuqum onam bilan qiyoslab dadamni qizg`andim.  Ayol ertasi kuni yana keldi. Bu safar ham tansiq taomlar, shirinliklar keltirdi. Bir marta bo`lsa, onamga aytmay qo`ya qolardim, ammo ikki marta kelgani va hali yana xabar olaman degani g`alati tuyulib onamga og`iz ochdim. Onam “Sabo keldimi?” dedi g`alati bo`lib.

— Ie, siz u ayolni taniysizmi? — dedim hayron qolib.

— Ha... yaxshi tanishmasmizu, bir-ikki ko`rganman, — dedi onam ovozi titrab. Keyin shifokorlardan iltimos qilib meni shifoxonadan olib ketdi. Nazarimda, onam u ayol bilan boshqa uchrashishimni istamayotgandek edi. Shu voqeadan keyin ko`p o`tmay, dadam onamga “Qizing o`qishini yig`ishtirsin, direktori bilan o`zim gaplashaman, o`qishga bormasa ham bo`ladi, qiz bola o`qiyman deb ko`cha-ko`yda daydib yurishini istamayman”, debdi. Bu gapni eshitib rosa yig`ladim. Biroq oyog`im tuzalgach, baribir o`qishga bordim. O`sha kuni tushdan keyin o`qishdan qaytayotib, svetaforda turgan tanish mashinaga ko`zim tushdiyu, muzlab ketdim. Dadamning xizmat mashinasi rulida haydovchi Sardor akaning o`rnida dadam o`tirar, yonida esa Sabohat opa...

Ko`zim tinib ketdi. Xayolimdan yomon fikrlarni haydash uchun ish yuzasidan biror joyga borishayotgandir, deb o`yladim. Lekin Sabohat opa dam-badam mehr bilan dadamning yuzini silab qo`yayotganini ko`rganimdan keyin hammasini tushundim. O`sha kuni uygacha yig`lab bordim. Ostonadan o`tishim bilan onamga baqirdim:

— Siz bilgansiz! Dadam Sabo bilan yurishini bila turib indamagansiz!

Onam avvaliga gap nimadaligini tushunmay turdiyu, keyin sekingina «Sen aralashma! Bu sening ishing emas, shang`illamasdan xonangga kir, singillaring bilmasin», dedi. Onamning dard to`la ko`zlariga qarab nafasim ichimga tushdi. Xonamga kirib yig`lay-yig`lay uxlab qolibman. Kech kirganda g`o`ng`ir-g`o`ng`ir ovozdan uyg`onib ketdim, quloq solsam dadam bilan onam oshxonada janjallashayapti.

— Uni men emas, sen yashirgansan! Endi qizlaringga o`zing tushuntir! Ajrashib ketmaganimga shukr qilsang-chi!

Bu gaplarni eshitib quloqlarimga ishonmadim. “Shu mening dadammi? Nahotki dadamning boshqa oilasi bo`lsa? Eng yomoni, buni onamga ochiqchasiga aytganu, onam ko`ngan bo`lsa?” Bu narsani qabul qilish men uchun qiyin edi. Onam sho`rlik necha yildan buyon xiyonatga chidab kelayotgan bo`lsa? Nega? Qaysi aybi uchun”.

Xuddi shuni kutib turgandek, dadam savolimga javob bergan kabi onamga dedi:

— Tuqqaning nuqul qiz bo`lsa, seni deb do`stu yorimning yonida boshim egilib yashashim kerakmidi? Axir, o`zing «mayli, o`g`il tug`ib beradiganiga uylaning» demaganmiding?

Bu gapdan keyin ustimdan sovuq suv quyilgandek bo`ldi. Demak, dadam bizni farzand o`rnida ko`rmagan ekan-da, deb o`yladim.

Onam esa: “Men bir narsa dedimmmi? Faqat, iltimos, qizlaringiz bilmasin”, dedi siniq tovushda.

— Haliyam, “qizlarimni uzatib olgunimcha ajrashmang” deb yalinganing uchun, chidab yuribman. Buni bila turib, qizlaringni tezroq-tezroq uzataylik desam, o`qisin deysan... Sabo to`g`ri aytadi, “sen vaqtni cho`zsam, fikridan qaytadi”, deb o`ylayapsan. Xomtama bo`lma!

Bu janjalning davomini eshitgim kelmay quloqlarimni bekitdim. Men oila deb ishongan, suyangan, muqaddas bilan narsa sarob bo`lib chiqdi. Bir zumda hayotim gugurt qutisidan qurilgan o`yinchoqdek ostin-ustin bo`lib ketdi. Endi qanday yashashni bilmay qoldim. Onamga baqirganimdan pushaymon edim. Ertalab hech narsa yuz bermagandek (onamga achinganimdan) o`qishga yo`l oldim. Darsda ham ichimdagi tug`yonni bosolmay titrab-qaqshab o`tirdim. Qulog`imga hech kimning gapi kirmasdi. Darsdan chiqib uyga yo`l olganimda lisey ko`chasida kimdir otimni aytib chaqirdi.

O`girilsam qarshimda chiroyli jilmaygancha Sabohat opa turardi. Kutmaganim uchun salom berishni ham unutib unga qarab turaverdim. Chiroyli yuziga tarsaki tortib yuborishdan o`zimni zo`rg`a tiydim. Indamay yo`lga tushdim, u esa menga ergashdi.

— Sen aqlli qizsan, dadangni to`g`ri tushunasan deb o`ylayman. Dadangga qiyin paytda dalda bo`lganman, taqdir ekan, qo`limizdan nima ham kelardi...

— Dadamni tushunganingiz yaxshi, onamni ham tushunasizmi? — dedim ko`zlariga tik qarab.

U bir zumga o`zini yo`qotdiyu, keyin darrov qo`lga oldi:

— Kattalarning gapiga aralashmaganing yaxshi... Istasang, sen bilan o`rtoq bo`lishimiz mumkin. Xohlasang, menikiga mehmonga borib tur, meni ikkinchi ona sifatida qabul qilsang xursand bo`lardim.

Uning muloyim gapidan dovdirab qoldim. Onamning siniq ovozda mulzam bo`lib gapirishi ko`z o`ngimdan o`tib yana g`azabim qo`zidi:

— Nega menga ona bo`lmoqchisiz? O`zingizning bolalaringiz kamlik qilyaptimi?

Chiroyli opaning rangi oqarib ketdi.

— Sen ham onangga o`xshab, pismiq, zahar ekansan-ku! Endi ko`rasan mendan, — dedi va yugurgilab ketib qoldi.

Uning nega birdan o`zgarganini tushunolmay qotib qoldim. Asl basharasini ko`rsatishiga qaysi gapim sababchi bo`ldi ekan, deb o`ylay boshladim. Uyga kelganimdan keyin bor gapni onamga gapirib berdim.

— Uning farzandi yo`q, shuning uchun gaping yomon ta`sir qilgan. Dadangga sizga qo`sha-qo`sha o`g`il tug`ib beraman deb va`da qilib, boshini aylantirib olgan. Seni shunga shama qilyapti deb o`ylagan-da... — dedi onam xo`rsinib.

Bu xabarni eshitganimdan keyin dadamning xatti-harakati mantiqsizdek tuyula boshladi. Chunki onamga «faqat qiz tug`ding» deb ajrashmoqchi bo`lgan odam nega unda farzand ko`rolmaydigan ayol bilan yashab yuribdi? Balki bu onamning ko`z yoshlari uchun jazomikan? Xayolimga kelgan fikrdan qo`rqib ketdim.

Sabohat opa bekorga tahdid qilmagan ekan. Dadam ertasi kuni uydan chiqib ketganicha, mana, yarim yildirki, qaytib kelmayapti. Singillarim dadamni so`rab yig`laganda ezilib ketaman.

Shu voqeadan keyin odamlarga ishonchim qolmadi. Bundan bu yog`iga qanday yashashni bilmayapman...

Dilfuza SOBIROVA

Sharhlar

Yigirma yil kutilgan baxt

16.01.2017, 14:47

— Turmush qurganimizga yigirma yil bo`ldi, — dedi tahririyatga qo`ng`iroq qilib o`zini Dinora opa deb tanishtirgan muxlisamiz. — Turmush o`rtog`im ikkimiz institutda o`qib, sevishib, ota-onamizning...
Kelin qul deganimi?

13.01.2017, 15:24

Shahlo qaynonasining qadam tovushlaridan uyg`onib ketdi. Endigina ko`zi ilingandi-ya. Qizini uxlatish qiyin, yoshiga to`lmay sun`iy ovqatga o`rgatgani uchun bir dardi ikki bo`lgan. Shahloning o`zi belida...
«Sevganim chiroyli…»

12.01.2017, 16:28

Turmush o`rtog`ing chiroyli bo`lsa ham qiyin ekan. Atrofdagi ayollar undan ko`z uzmay turishiga chidash osonmi? Bunday vaziyatda rashk qilish, ko`z yosh to`kish, ketaman deb qo`rqitish...
«Dadam va onamni yarashtirganim…»

11.01.2017, 11:26

Makr ishlatish ayollarga xos, deyishadi. Ammo yosh bo`lishimga qaramay, men ham makrdan foydalandim. Buni yomonlikka yo`ymang. Oilamizni saqlab qolish uchun qildim buni… Bir boshidan aytib...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1