Samarqand viloyati Nurobod tumanida 5 yashar bola tok urishi oqibatida vafot etgan. Ushbu holat yuzasidan Bolalar ombudsmani kuzatuv olib bormoqda.
Aniqlanishicha, joriy yilning 16 may kuni Samarqand viloyati Nurobod tumanida yashovchi, 2019 yilda tug`ilgan R.M. (o`g`il bola) tok urishi natijasida vafot etgan.
Tuman prokuraturasi tomonidan tuzilgan tezkor-tergov guruhi hodisa joyiga chiqib holat o`rganilganda, “Omondara” MFY, Chunqaymish qishlog`i hududidagi tepalikdan 150-170 metr balandlikda o`tgan elektr simini voyaga etmagan R.M. ushlashi oqibatida elektr toki urib, voqea joyida vafot etganligi aniqlangan.
Tezkor-tergov guruhi tomonidan hodisa joyi ko`zdan kechirilib, R.M.ning o`limi sabablarini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan. Shuningdek, holat yuzasidan «Samarqand viloyat hududiy elektr tarmoqlari» AJga xizmat tekshiruvi tayinlangan.
Hozirda Nurobod tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Bolalar ombudsmani bola manfaatlari nuqtai nazaridan holat bo`yicha o`z kuzatuvini davom ettiradi. Bu borada qo`shimcha axborot beriladi.