AsosiyJamiyat

Prezidentga sport sohasidagi rejalar bo`yicha axborot berildi

'Prezidentga sport sohasidagi rejalar bo`yicha axborot berildi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoevga sport ta`limini rivojlantirish va xalqaro musobaqalarni o`tkazish rejalari bo`yicha axborot berildi.

Mamlakatimizda sport infratuzilmasi rivojlantirilib, xalqaro talablar darajasidagi shart-sharoitlar yaratilmoqda. Shunga asoslanib, FIFA qarori bilan futzal bo`yicha bu yilgi jahon chempionati yurtimizda o`tkazilishi belgilangan. Musobaqa 14 sentyabr – 6 oktyabr kunlari Toshkent, Andijon va Buxoro shaharlarida tashkil etiladi. Unda dunyoning eng kuchli 24 jamoasi qatnashadi. Ishtirokchi mamlakatlardan nufuzli mehmonlar, 30 mingdan ziyod muxlislar kelishi kutilmoqda.

Mutasaddilar bu borada ko`rilayotgan tayyorgarlik ishlari, sport va madaniy tadbirlar rejalari yuzasidan axborot berdi. Chempionatni yuqori saviyada o`tkazish uchun Bosh vazir rahbarligida tashkiliy qo`mita tuzilishi belgilandi.

Ma`lumki, poytaxtimizning Yashnobod tumanida Olimpiya shaharchasi barpo etilmoqda. Kelgusi yil u erda yoshlar o`rtasida yozgi Osiyo o`yinlari o`tkaziladi.

Keyinchalik undan samarali foydalanish maqsadida Olimpiya shaharchasida O`zbekiston davlat sport akademiyasi tashkil qilinishi ko`zda tutilgan. Ushbu muassasa huzuriga Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqot instituti hamda Mutaxassislar malakasini oshirish instituti ham o`tkaziladi. Akademiya tizimida Sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi, Axborot kutubxona markazi, O`zbekiston tarixi va xorijiy tillarni o`qitish markazi ochiladi.

2025/2026 o`quv yilidan boshlab, akademiyaga 3 ta bakalavr yo`nalishi va 6 ta magistratura mutaxassisligi bo`yicha qabul boshlanadi. Bitiruvchi talabalarga to`g`ridan-to`g`ri 6 yillik trenerlik malaka sertifikati beriladi. Olimpiya va paralimpiya kollejlaridan seleksiya qilingan bitiruvchilar to`g`ridan-to`g`ri ikkinchi kursga qabul qilinadi.

Shundan kelib chiqib, mutasaddilarga kafedralar va o`quv dasturlarini ilg`or xorijiy tajribasi asosida tashkil etish, yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish bo`yicha topshiriqlar berildi.

Sport ta`limidagi yana bir yangilik Kurash mahorat maktablari bo`ladi.

Kurash ming yillik qadriyatimiz va milliy sportimiz. Dunyoda bu bilan 30 million, O`zbekistonda 30 ming kishi professional shug`ullanmoqda. Havaskor yoshlar bundan ham ko`p.

Shuning uchun har bir viloyat markazida Kurash mahorat maktablari tashkil etilishi rejalashtirilgan. Mahorat maktabida 140 nafar o`quvchi bo`ladi, ular 5-11-sinf bolalar orasidan tanlab olinadi.

Taqdimotda Parij olimpiadasiga ko`rilayotgan tayyorgarlik bo`yicha ham hisobot berildi.

Terma jamoalarimiz ushbu nufuzli musobaqaga yuqori darajada hozirlik ko`rmoqda, chet ellarda maqsadli o`quv-mashg`ulotlari o`tkazilmoqda. Sportchilarimiz futbol, suvga sakrash, kamondan o`q otish, ayollar o`rtasida erkin kurash bo`yicha ilk bor olimpiadaga yo`llanma olgani ahamiyatli. Oldinda yana yo`llanmalarni qo`lga kiritish, Olimpiya o`yinlarida munosib qatnashish maqsad qilingan.

    Boshqa yangiliklar