Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahrini suv bilan ta`minlayotgan asosiy magistral suv quvurlaridan biri teshilgani tufayli ayrim ko`chalarni suv bosgani aytilgan video xabarlar tarqaldi.
Samarqand shahar hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, Samarqand shahridagi Cho`pon ota suv inshootidan kelayotgan diametri 1000 millimetrlik katta bosimdagi markaziy suv quvurida favqulodda nosozlik yuzaga kelgan.
Shu sababli Zarafshon, Andijon, Usta Umar Jo`raqulov, Panjikent, So`zangaron, Navoiy, Sadriddin Ayniy, Amir Shohmurod, Registon, Termiz, Universitet xiyoboni, Orzu Mahmudov, O`zbekiston, Firdavsiy, Abdurahmon Jomiy, Amir Temur, Mirzo Ulug`bek, Akbar Otaxo`jaev, Bobur Mirzo ko`chalari va ushbu ko`chalarga tutash mahalla va hududlarda vaqtincha ichimlik suv to`xtatilgan.
Samarqand suv ta`minoti shahar filialining xabar berishicha, favqullodda yuz bergan nosozlik mutaxassislar tomonidan bartaraf etilmoqda.
Ichimlik suv ta`minoti to`xtagan hududlarga "Samarqand suv ta`minoti" AJ shahar filiali tomonidan maxsus texnikalar bilan etkazib berilmoqda.