1

Insult bilan bog`liq 5 inkor

Salomatlik 26.11.2016, 10:41
Teglar: Salomatlik
Insult bilan bog`liq 5 inkor

   Insult xastaligi miyada qon aylanishining keskin buzilishidir. U ikki xil: ishemik va gemorragik bo`ladi. Ishemik insultda miyani kislorod bilan ta`minlab turuvchi qon tomirlarining torayishi yoki ularda qon ivib, tiqilib qolishi, ya`ni tromb hosil bo`lishi kuzatiladi. Gemorragik insultda esa xuddi o`sha qon-tomirlar yorilib ketadi.

1. Insult faqat keksalarda kuzatiladi. Noto`g`ri.

  Keyingi paytda yurak qon-tomir xastaliklari yoshlarda ham uchrayapti. Ya`ni bugungi kunda 25-30 yoshlilar orasida ham gipertoniya — qon bosimining oshishi ko`p kuzatilmoqda. Agar o`z vaqtida kerakli muolajalar olinmasa, 40 yoshga etganda, ularda insult kasalligiga chalinish ehtimoli kuchlidir. Bunga tromblarning o`z joyidan ko`chib, miya qon-tomirlariga quyilishi sabab bo`ladi.

2. Chekish insult xastaligini keltirib chiqarmaydi. Noto`g`ri.

 Chekish insultga chalinish xavfini ikki barobar oshirishi isbotlangan. Chunki nikotin qon quyilishi, qon tomirlarining torayishiga olib keladi va bu ateroskleroz tugunchalarini hosil qiladi. Mazkur holat faqat aktiv chekuvchilarda emas, passiv chekuvchilarda ham kuzatiladi. Mutaxassislarning ta`kidlashicha, yigirma daqiqadan ortiq tamaki hidini hidlagan kishida muntazam (aktiv) chekuvchilar bilan bir xil tromblar hosil bo`ladi. Chekishni tashlagan odamda 5-10 yildan so`nggina insultga chalinish xavfi kamayadi.

3. Agar o`zingizni noxush his qilsangiz, uyda yotishingiz, tez yordamni faqat og`ir vaziyatdagina chaqirishingiz kerak. Noto`g`ri.

 Kislorod etishmasligi oqibatida miya hujayralari tez nobud bo`ladi. Shuning uchun insult xavfini kechiktirmay aniqlash kerak. Uyda qolib davolanish organizmdagi ishdan chiqqan funksiyalarni qayta tiklash imkonini kamaytiradi. Shu bois, insult alomatlari sezilishi bilan 3 soat ichida tez yordam ko`rsatilishi shart. Og`ir mehnatdan so`ng yoki kuchli asabiylashishdan boshingiz og`risa yoxud quyidagi alomatlardan birini sezsangiz, darhol tez yordam chaqiring:

 Bosh aylanishi, harakat aniqligini yo`qotish;

Lab, yuz yarmining karaxt bo`lishi;

Bir qo`l yoki oyoqni qimirlata olmay qolish;

Qo`l yoki oyoqlarning o`ta madorsizlanishi;

Tushunarsiz nutq;

To`satdan hushni yo`qotish.

 4. Insultga chalinganlarni maxsus shifoxonaga olib borish shart emas. Noto`g`ri.

  Insultga chalingan odam uchun tez yordam chaqirganda kasallik belgilarini aniq tushuntirish kerak.  Shunda bemorga maxsus mashina yuborilib, yo`ldayoq shoshilinch tibbiy yordam ko`rsatiladi. Bemorni oddiy shifoxonaga emas, zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan, bosh miyaning magnitorezonans va  kompyuter tomografiyasi tahlilini amalga oshira oladigan maxsus klinikaga olib borish shart.

 5. Insultga chalingan har bir odam bir umr nogiron bo`lib qoladi. Noto`g`ri.

 Vaqtida yordam ko`rsatilgan bemorning xastalangan a`zolari tiklanishi mumkin. Insultning nutq, ko`rish faoliyatining buzilishi, mushaklar kuchsizlanishi, shollik kabi asoratlari mavjud. Butunlay tuzalib ketish bosh miyaning qaysi qismi zararlanganiga bog`liq. Lekin miya hujayralariga qattiq zarar etmagan bo`lsa, bemor tez fursatda sog`lig`ini butunlay tiklab oladi.

Bu muhim!  Insultning  asosiy sababi — gipertoniya, qon bosimining doimiy baland 140/90 mm rt.st. bo`lishidir. Agar sizga shifokor qon bosimini tushiruvchi dorilar va muolajalar tayinlagan bo`lsa, ushbu ko`rsatmalarga qat`iy amal qiling. Bu sizni insult xavfidan himoya qiladi.

Sharhlar

Buyrak xastaliklari kimlarda ko`proq uchraydi? Shifokor javob berdi

06.08.2021, 17:47

CCV Matbuot xizmati buyrak etishmovchiligi qanday xastalik ekani va uni bartaraf etishda mamlakatimiz tibbiyoti nimalarga qodirligi haqida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bo`lim rahbari,...
YuTINGANDA QULOQ OG`RIG`I?!

26.12.2017, 13:12

— Uch yashar o`g`lim ovqat chaynab yutayotganida qulog`ini ushlab, og`riyotganini aytdi. Shifokorga ko`rsatsam, otit deb tashxis qo`ydi. Bu qanday kasallik? Uni uyda davolasa bo`ladimi? Nazira...
DIATEZ QAYTALAMASIN DESANGIZ…

26.12.2017, 13:08

— Emizikli chaqalog`im ekssudativ diatez kasalligi bilan og`rigandi. Hozir sog`aygan bo`lsa-da, ayrim taomlarni iste`mol qilganimda uning badanida qizg`ish dog`lar paydo bo`ladi. Go`dakda diatez qaytalamasligi uchun...
FARZANDINGIZNI MAKTAB KASALLIKLARIDA ASRANG!

26.12.2017, 11:36

Uzoqni ko`ra olmaslik;skolioz (umurtqa pog`onasining qiyshayishi);gastrit;ruhiy-asab tizimi buzilishlari kabilarni maktab kasalliklari sirasiga kiritish mumkin. Statistikaga ko`ra, har besh bolaning biri umurtqa pog`onasi muammolaridan qiynalsa, har...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1