Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasida Fuqarolik va siyosiy huquqlar to`g`risidagi xalqaro paktga a`zo davlatlarning 40-sessiyasi doirasida Inson huquqlari qo`mitasining 2025-2028 yillar uchun 9 nafar a`zosini saylash bo`yicha saylovlar bo`lib o`tdi.
Yashirin ovoz berish natijalariga ko`ra, O`zbekistondan nomzod — Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o`rinbosari, Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov Fuqarolik va siyosiy huquqlar to`g`risidagi xalqaro paktga a`zo mamlakatlardan eng ko`p ovoz oldi. BMTning mazkur organiga O`zbekistondan birinchi marta vakil saylandi.
O`zbekistonning ushbu nufuzli konvensiya organiga saylanishi mamlakatning inson huquqlarini himoya qilish bo`yicha xalqaro tuzilmalar bilan konstruktiv hamkorlik qilish orqali inson huquqlarini ta`minlash va himoya qilishga sodiqligini namoyish etish, qarorlar qabul qilish jarayonlarida faol ishtirok etish, shuningdek, bu borada ilg`or tajriba almashish imkonini beradi.