2024-2025-o`quv yili uchun 1-sinfga qabul 20 iyundan boshlanadi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta`limi vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Reglamentga muvofiq, 1-sinfga qabul jarayonlari 2 bosqichda amalga oshiriladi:
1-BOSQICh: 20-iyundan 31-iyulgacha mikro-hudud doirasida,
2-BOSQICh: 1-avgustdan 15-avgustgacha mikro-hududdan tashqarida.
1-sinfga qabul jarayonlari quyidagi tuman, shaharlarda elektron shaklda davlat xizmatlari orqali amalga oshiriladi.
Bunda ota-onalar 20 iyundan boshlab my.maktab.uz elektron platformasi orqali ro`yxatdan o`tib, ariza topshirishlari mumkin.
Davlat xizmatlari ko`rsatilmaydigan hududlarda 1-sinfga qabul qilingan o`quvchilar vazirlik elektron tizimi (adm.maktab.uz)ga kiritiladi.
Ma`lumot uchun: “Ta`lim to`g`risida”gi Qonunga muvofiq, bolalar 7 yoshga to`ladigan yilda maktabga qabul qilinadi. Bu yil 1-sinfga 2017 yilning 31 dekabriga qadar tug`ilgan bolalar qabul qilinadi.
Elektron qabul jarayonlari yuzasidan Vazirlik Call-markazining 71-203-07-04 raqami yoki telegramdagi @mymaktab_uz rasmiy kanali orqali qo`shimcha ma`lumot olish mumkin.