“Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident Farmoni (PF-89-son, 10.06.2024 y.) qabul qilindi.
Farmonga ko`ra, 2025 yil 1 yanvardan:
jinoyat ishlari bo`yicha sudga qadar ish yurituv davrida prosessual qarorlarga sanksiya berish masalasi jinoyat ishlari bo`yicha tuman, shahar sudlarida alohida sudyalar – tergov sudyalari tomonidan ko`rib chiqilishi tartibi joriy etiladi;
jinoyat ishlari bo`yicha tuman, shahar sudlarida tergov sudyasi lavozimi kiritiladi;
jinoyat ishlari bo`yicha sudga qadar ish yurituv davrida tergov sudyasi tomonidan prosessual qarorlarga berilgan sanksiyalar faqatgina apellyasiya instansiyasida Qoraqalpog`iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, O`zbekiston Respublikasi harbiy sudi tomonidan yakka tartibda qayta ko`rib chiqilishi tartibi belgilandi;
tergov sudyalariga ma`muriy huquqbuzarliklar to`g`risidagi ishlarni ko`rib chiqish vakolati beriladi;
tergov sudyalari tomonidan ko`rib chiqiladigan ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risidagi ishlarni yuqori instansiyalarda qayta ko`rib chiqishning amaldagi tartibi saqlab qolinadi.






