AsosiyJamiyat

Buxoro viloyatida chigirtkalar galasi bartaraf etilgani ma`lum qilindi

'Buxoro viloyatida chigirtkalar galasi bartaraf etilgani ma`lum qilindi'ning rasmi

“Sarosimaga o`rin yo`q” Buxoro viloyatida chigirtkalar galasi bartaraf etilgani ma`lum qilindi. Bu haqda O`simliklar karantini va himoyasi agentligi ma`lumot berdi.

Chigirtkaga qarshi kurash tadbirlarini zararli chigirtka 3-4 yoshida bo`lganida o`tkazish maqsadga muvofiq. Bu zararkunanda qanot chiqargunigacha bulgan faza. Sababi chigirtka qanot chiqarganidan so`ng bir kunda kamida 50-60 kilometr masofani bosib o`tishi va yo`lida uchragan barcha yashillikni eb bitirishi mumkin.  

Qoraqalpog`iston Respublikasi hamda Navoiy, Buxoro va Samarqand viloyatlari hududlarida tungi kimyoviy ishlov berish tadbirlari tongga qadar olib borilib, bugungi kunda saksovul bukur chigirtkasi bartaraf etilmoqda.

"Saksovul bukur chigirtkasi qishloq xo`jaligi ekinlari, yaylovlarga xavf tug`dirmaydi", – deyiladi xabarda.  

Bu turdagi to`da hosil qiluvchi chigirtkalar saksovul bilan oziqlanadi. Hasharot saqsovulzorlarga zarar etkazmasligini ta`minlash  maqsadida kimyoviy tadbirlar monitoring asosida olib borilmoqda.

Alohida e`tibor transchegaraviy hududlarga qaratilib, qo`shni davlatlardan zararli hasharot kirib kelishi va tarqalishini oldini olish maqsadida ma`lumotlar almashinuvi yo`lga qo`yilgan.  

O`simliklar karantini va himoyasi agentligining Chishirtka va tut parvonasiga qarshi kurash xizmati xodimlari tomonidan chegaradosh viloyatlarda tun-u kun nazorat tadbirlari olib borilyapti.

Buxoro viloyatining Romitan tumanida chigirtkalar bosqini kuzatilgani aholi o`rtasida sarosimaga sabab bo`lgandi. O`simliklar karantini va himoyasi agentligi matbuot kotibi Sabina Sadinova holat bartaraf etilganini ma`lum qildi.

Bir necha kun avval Qozog`iston hududida misli ko`rilmagan darajada zararli chigirtkalar tarqalgani haqida xabarlar e`lon qilingan edi. Sabina Sadinovaning bildirishicha, vaziyat O`zbekiston hududida favqulodda holat tusini olmasligi uchun qo`shni davlat bilan transchegaraviy hududlarda, xususan, Navoiy Toshkent viloyatlari hamda Qoraqalpog`iston Respublikasida nazorat kuchaytirildi.

“Chigirtkalar xavfini bartaraf etish maqsadida BMTning FAO dasturi doirasida qo`shni davlatlarda tizimli ish tashkil qilish taklifi aynan agentlik tomonidan ilgari surilgan edi. Shuningdek, zararli chigirtkalar tarqalishi xavfi yuqori bo`lgan Turkmaniston bilan transchegaraviy hududlar — Buxoro va xorazm viloyatlarida ham nazorat kuchaytirildi. Monitoring jarayonida Buxoro viloyatining Romitan, Qorako`l, Olot va Jondor tumanlarida chigirtka tarqalgani aniqlangan bo`lib, o`sha kunning o`zida kimyoviy ishlov olib borildi”, — deydi agentlik matbuot kotibi.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar