O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning taklifiga binoan Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yol 13-15 iyun kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo`ladi.
Tashrif dasturiga muvofiq, Toshkent shahrida bo`lib o`tadigan oliy darajadagi muzokaralarda O`zbekiston-Koreya do`stlik va alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko`rib chiqiladi.
Savdo, innovasiyalar va texnologiyalar almashinuvi, energetika, elektronika va elektrotexnika, kimyo sanoati, qishloq xo`jaligi, infratuzilmaviy rivojlanish va boshqa ustuvor yo`nalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari e`tibor markazida bo`ladi. Ta`lim, sog`liqni saqlash, madaniyat, sport va turizm sohalaridagi qo`shma dasturlar muhokama qilinadi.
Shuningdek, mintaqaviy, shu jumladan "Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi" formatidagi hamkorlik yuzasidan ham fikr almashish rejalashtirilgan.
Sammit yakunlari bo`yicha bir qator hukumatlararo va idoralararo hujjatlar imzolanishi ko`zda tutilgan.
Tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida O`zbekiston va Janubiy Koreya Prezidentlari qo`shma biznes forumida ishtirok etadilar.
Prezident Yun Sok Yol mamlakatimizning boy madaniy-tarixiy merosi bilan tanishish maqsadida Samarqand shahriga tashrif buyuradi.






