AsosiyJamiyat

Prezident Ozarbayjon madaniyati kunlari ishtirokchilariga tabrik yo`lladi

'Prezident Ozarbayjon madaniyati kunlari ishtirokchilariga tabrik yo`lladi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev Ozarbayjon madaniyati kunlari ishtirokchilariga tabrik yo`lladi.

Avvalo, bugungi ulkan voqea – O`zbekistonda Ozarbayjon madaniyati kunlarining tantanali ochilishi bilan barchangizni chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Sizlarga yaxshi ma`lumki, keyingi yillarda O`zbekiston va Ozarbayjon davlatlari o`rtasida do`stlik va hamkorlik aloqalari jadal rivojlanib, mutlaqo yangi bosqichga ko`tarilmoqda.

Buni barcha sohalar qatori madaniy-gumanitar yo`nalishdagi aloqalarimiz ham izchil rivojlanib borayotgani misolida barchamiz yaqqol ko`rib turibmiz.

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti, aziz qardoshim Ilhom Geydarovich Aliev bilan kelishuvlarimiz asosida o`tgan yili Ozarbayjonda O`zbekiston madaniyati kunlari, shu yil yanvar oyida esa O`zbekiston fani va madaniyati kunlari yuksak saviyada o`tkazildi. 

Qadimiy Ozarbayjon zaminida o`zbekistonlik ilm-fan va madaniyat namoyandalari katta hurmat-e`tibor bilan kutib olingani, bu diyorda bo`lib o`tgan qizg`in va samimiy uchrashuv va muloqotlar, hech shubhasiz xalqlarimiz o`rtasidagi azaliy qardoshlik munosabatlarini mustahkamlashga munosib hissa bo`lib qo`shildi.

Biz O`zbekistonda o`tkazilayotgan Xalqaro maqom san`ati anjumani, Baxshichilik va “Lazgi” festivallari hamda boshqa yirik madaniy tadbirlarda Ozarbayjon ijodkorlari muntazam ishtirok etib kelayotganini yuksak qadrlaymiz.

Ozarbayjonda milliy mug`om san`ati bo`yicha bo`lib o`tadigan an`anaviy festivalga o`zbek san`atkorlari doimiy taklif etib borilayotgani alohida diqqatga sazovordir.

Bugun mamlakatimizda katta shodu xurramlik bilan boshlanayotgan Ozarbayjon madaniyati kunlari qardosh ozar zaminida bo`lib o`tgan O`zbekiston madaniyati kunlarining uzviy davomidir.

Ishonchim komil, bizning san`atsevar xalqimiz orziqib kutgan ushbu madaniyat kunlari qardoshlarimizning qadimiy va boy madaniyati, san`ati, adabiyoti, milliy an`ana va qadriyatlari bilan yanada yaqinroq tanishish uchun qulay imkoniyatlar beradigan go`zal bir anjuman bo`ladi.

Siz aziz, Ozarbayjon madaniyati kunlarining barcha ishtirokchilarini yana bir bor chin dildan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, yuksak ijodiy parvozlar tilayman.

Sizlar ushbu madaniyat va san`at bayrami doirasida Yangi O`zbekistonda amalga oshirilayotgan ulkan o`zgarishlar bilan xalqimizning qadimiy tarixi va boy madaniyati bilan yanada yaqinroq tanishasizlar, deb ishonaman.

Qardoshlaringiz diyori – O`zbekiston zaminiga xush kelibsiz!

 

Shavkat Mirziyoev,

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti

    Boshqa yangiliklar