AsosiyJamiyat

Ertaki tarvuzdan zaharlanmaslik uchun uni qanday to`g`ri tanlash kerak?

'Ertaki tarvuzdan zaharlanmaslik uchun uni qanday to`g`ri tanlash kerak?'ning rasmi

O`lkamizga yoz kirib kelishi bilan mavsumning eng sevimli mahsuloti – tarvuz savdosi qizigandan qiziydi. Sababi jazirama kunlarda tamaddi uchun ushbu rezavordan foydaliroq va engil hazm bo`luvchi mahsulotni tanlov qilish mushkul.

Ammo, kimyoviy o`g`itlar bilan haddan ortiq ishlov berilgan tarvuzlar inson salomatligiga jiddiy xavf tug`dirishi mumkin.

Xo`sh, dorilangan tarvuz nimasi bilan zararli? Uni qanday farqlash mumkin?

SSV Matbuot xizmati ushbu savollarga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo`mitasi bo`lim boshlig`i A.Shukurovdan javob oldi.

 — Tarvuz yoz faslida eng ko`p iste`mol qilinadigan mahsulotlardan biri. Uning tarkibida organizm uchun foydali bo`lgan mineral va vitaminlar bisyor, — deydi mutaxassis. — Ushbu rezavor 92 foiz suvdan iborat bo`lib, nafaqat chanqoqni qondiradi, balki salomatlik uchun ham juda foydali. Xususan, tarvuzdagi kaliy va magniy asab tizimi va miya faoliyatiga ijobiy ta`sir etadi.

 Uning antioksidantlik xususiyati juda yuqori bo`lib, tarkibidagi likopin, A, V, C kabi darmondorilar hamda kartonoid yallig`lanish va erta qarishga to`sqinlik qiladi. Shuningdek, bu mahsulot yurak-qon tomir tizimi faoliyatini yaxshilab, qon bosimini pasaytiradi va xolesterin darajasini nazorat qiladi.

Ammo bu jarayonda ehtiyotkorlikni unutmaslik, ayniqsa, tarvuz sotib olayotganda mahsulotning butunligiga, chirimaganiga va kimyoviy o`g`itlar bilan me`yordan ortiq to`yintirilmaganiga e`tibor qaratish kerak. Afsuski, bugun ko`pchilik dehqonlar ushbu mahsulotni etishtirishda azotli o`g`itlardan haddan ortiq ko`p foydalanadi. Bu esa tarvuzdan zaharlanishga sabab bo`lishi mumkin.

Agar kimdir tarkibida nitrat moddasi me`yordan ortiq bo`lgan tarvuz iste`mol qilsa, uning noxush belgilari 4-6 soatdan keyin paydo bo`ladi.

Bunday holatda ko`ngil aynishi, qusish, ich ketishi, qorin va bosh og`rig`i, tana haroratining 38-39 darajagacha ko`tarilishi, qon bosimining pasayishi, yurak urishining sekinlashishi hamda qo`l-oyoqlarning sovqotishi, teri rangining o`zgarishi (ko`karish) kabi alomatlar kuzatilishi mumkin.

Agar zaharlanish belgilari paydo bo`lsa, darhol shifokorga murojaat qilish lozim. Bu holatga yuzaki qarash mumkin emas, o`zini-o`zi davolash qat`iyan man etiladi.

Shuningdek, bu noxush holatdan o`zimiz va yaqinlarimizni himoya qilish uchun ayrim jihatlarga e`tibor qaratish maqsadga muvofiq.

 Xususan, tarvuz xarid qilayotganda, avvalo, mahsulot manbai, uning sifati va xavfsizligini tasdiqlovchi tegishli ruxsatnomani talab qilish, uning buzilmaganiga ishonch hosil qilish zarur. U shikastlanmagan, yoriqlarsiz, qoraymagan hamda mog`orlamagan bo`lishi kerak. Tarvuz kesilganda rangi toza qizil va o`zgarmagan bo`ladi. Tanovul qilishdan avval tarvuzni albatta yaxshilab yuvish lozim.

 Tarvuz holatining yana bir muhim ko`rsatkichi qizil qismidagi tomirlar rangidir. Agar ular sariq yoki binafsha tusda bo`lsa, bunday mahsulotdan ehtiyot bo`lish lozim. Chunki u to`liq pishmagan yoki nitratning ta`siri bo`lishi mumkin. Qolaversa, tarvuz ustidagi chiziqlar aniq va bir-biri bilan aralashib ketmagan bo`lishi kerak. Xiralashgan chiziqlar uning nitrat bilan to`yinganidan dalolat beradi. 

 

    Boshqa yangiliklar