Rossiya Davlat dumasining MDH ishlari bo`yicha qo`mitasi migrasiya sohasida nazoratni kuchaytirish, jumladan, muhojirlarni chiqarib yuborish rejimiga oid qonun loyihasini birinchi o`qishda ma`qulladi. Bu haqda “Interfaks” xabar berdi.
Deportasiyaning yangi tartibi Rossiyada qonuniy bo`lish huquqiga ega bo`lmagan xorijliklarga nisbatan qo`llaniladi. Bunda Rossiyada vaqtincha bo`lish yoki migrasiya hujjatlarining muddati tugagani, vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnomaning bekor qilingani va boshqa noqonuniy xatti-harakatlar inobatga olinadi.
"Migrant Rossiyadan chiqib ketgan, huquqiy holati tartibga solingan yoki o`lim holati kuzatilganda unga nisbatan rejim bekor qilinadi. Chiqarib yuborish rejimini joriy etish Rossiyada noqonuniy bo`lgan xorijlikning quyidagi huquqlarini cheklashni nazarda tutadi:
— ichki ishlar organining ruxsatisiz Rossiyada yashash yoki yashash joyini o`zgartirish;
— nazorat ostidagi shaxs yashaydigan Rossiya sub`ektidan tashqarida sayohat qilish;
— transport vositalarini boshqarish, haydovchilik guvohnomasini olish;
— ko`chmas mulk, transport vositalar olish yoki o`zlashtirish, ushbu mulkni davlat organlarida ro`yxatdan o`tkazish;
— nikohni ro`yxatga olish;
— yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro`yxatdan o`tish;
— kredit shartnomasini tuzish, bank hisobvaraqlarini ochish, pul o`tkazmalarini amalga oshirish va boshqa yo`llar bilan Rossiyadagi banklar va boshqa kredit tashkilotlaridagi hisobvaraqlardagi mablag`larni boshqarish.
Bundan tashqari huquq-tartibot idoralari xodimlari nazorat ostidagi shaxs bo`lgan binolar va hududlarga qarshiliksiz kirishi mumkin bo`ladi",– deyiladi xabarda.






