AsosiyJamiyat

Markaziy bank O`zbekistonda asosiy stavkani yana o`zgarishsiz qoldirdi

'Markaziy bank O`zbekistonda asosiy stavkani yana o`zgarishsiz qoldirdi'ning rasmi

Markaziy bank boshqaruvi 13 iyundagi yig`ilishda asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o`zgarishsiz qoldirish to`g`risida qaror qabul qildi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, may oyida umumiy inflyasiya uy xo`jaliklari uchun energiya resurslari narxlari oshirilishi hisobiga tezlashib, yillik 10,6 foizni tashkil etdi. Energiya narxlari ta`sirisiz inflyasiya darajasi oziq-ovqat tovarlari inflyasiyasining sezilarli mavsumiy pasayishi hisobiga 6,8 foiz doirasida shakllandi.

Umumiy inflyasiyaga monetar omillar ta`siri kamayib borishi hisobiga bazaviy inflyasiya dinamikasining pasayuvchi tendensiyasi davom etib, may oyida 6,3 foizga teng bo`ldi. Xizmatlar bazaviy inflyasiyasi yil boshidan bir oz pasayib, yillik 8,8 foizni tashkil etdi.

Inflyasiyaning barqaror komponentlarida pasayuvchi tendensiyaning davom etishi bazaviy inflyasiyaning sekinlashishi keng qamrovli tus olayotganini ko`rsatmoqda. Xususan, iste`mol savatidagi 70 foizdan ortiq tovar va xizmatlarda narxlar o`sishi o`tgan yildagi ko`rsatkichlarga nisbatan sekinlashgan.

Aprel oyidagi energiya tariflari o`zgarishi borasidagi muhokamalar hamda ayrim soliq imtiyozlarining bekor qilinishi ta`sirida aholi va tadbirkorlarning inflyasion kutilmalari oshib, mos ravishda 14,0 va 13,3 foizga teng bo`ldi. May oyida aholi kutilmalari 14,0 foiz darajasida o`zgarishsiz qolgan bo`lsa, tadbirkorlarning kutilmalari 12,7 foizgacha pasaydi. Tariflar o`zgarishining inflyasion kutilmalarga ta`siri dastlab prognoz qilinganidan ko`ra pastroq shakllanmoqda.

“Bu, o`z navbatida, makroiqtisodiy rivojlanish ko`rsatkichlari va yil yakunida inflyasiya darajasining asosiy ssenariy prognozlari doirasida bo`lishiga xizmat qiladi”, — deyiladi Markaziy bank xabarida.

Markaziy bank asosiy stavkasi — inflyasion targetlash rejimi doirasida pul-kredit siyosatini yuritishning asosiy instrumenti bo`lib, Markaziy bankning tijorat banklari bilan amalga oshiradigan pul-kredit operasiyalari bo`yicha mo`ljal foiz stavkasi hisoblanadi. Ushbu stavkani o`zgartirish orqali Markaziy bank iqtisodiyotda narxlar barqarorligini ta`minlash uchun zarur bo`lgan pul-kredit sharoitlarini belgilab boradi.

    Boshqa yangiliklar