Buxoroda tanishini pichoqlab o`ldirgan 44 yoshli erkakka nisbatan sud tomonidan hukm o`qildi. Bu haqda "Hudud" informasion dasturi xabar bermoqda.
Aniqlanishicha, Buxoro viloyati Kogon shahrida yashovchi erkak shaxsiy ishlari yurishmayotgani va turmush o`rtog`i bilan munosabatlari buzilishiga go`yoki tanishini aybdor deb hisoblab, kelgusida undan qasd olishni rejalashtiradi.
Joriy yilning 26 yanvar kunidan 27 yanvar kuniga o`tar kechasi taxminan 02:30 atrofida erkak uyidan oshxona pichog`ini olib, tanishining xonadoniga boradi va oshxona pichog`i bilan jabrlanuvchining tanasiga bir necha marotaba urib, qasddan o`ldiradi.
Jinoyat ishlari bo`yicha Qorovulbozor tuman sudida ko`rib chiqilgan jinoyat ishi nihoyasida ayblanuvchiga sud hukmi o`qildi.
Sud hukmiga ko`ra 44 yoshli erkak JKning 97-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topildi va unga shu modda bilan 13 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.






