O`zbekiston Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi bo`lim boshlig`i Alisher Ro`ziev kelajakda Rossiyaga mehnat muhojirlari oqimi kamayishi mumkinligini inkor etmadi. Bu haqda ”Kommersant`“ xabar berdi.
Qayd etilishicha, u hozirda O`zbekistonda qurilish sohasi jadal rivojlanayotganini, ayrim ob`ektlardagi ish haqi Rossiya Federasiyasidagi ish haqi bilan raqobatlasha olishini ta`kidlagan.
“Bugun O`zbekistonda qurilish ishlari jadalligi kuzatilmoqda va tabiiyki, bizning ish haqi Rossiya Federasiyasidagi ayrim ob`ektlar bilan teng... Shu bois, bu vaziyatda Rossiya Federasiyasiga ketayotgan fuqarolarimiz soni kamayishi uchun tendensiya bo`lishi mumkin”,— dedi u Ro`ziev mehnat migrasiyasi masalalariga bag`ishlangan videokonferensiya doirasida.
Alisher Ro`zievning so`zlariga ko`ra, O`zbekistondagi ba`zi yirik qurilish ob`ektlarida qurilish ishchilari oyiga 500-600 dollar atrofida maosh oladi. “Shunga ko`ra, endi bunday ish haqi uchun Rossiya Federasiyasiga borish manfaatli emas”, deya qo`shimcha qildi u.
Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi bo`lim boshlig`i, shuningdek, so`nggi ikki yilda agentlik fuqarolarni xorijda ish bilan ta`minlash geografiyasini, xususan, Evropada ishchi kuchiga bo`lgan talab tufayli sezilarli darajada kengaytirganini ta`kidladi.
Iyun oyi boshida O`zbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov so`nggi sakkiz yil ichida Rossiyada o`zbekistonlik mehnat muhojirlari soni 4-6 milliondan 1 millionga kamayganini bildirgan edi. May oyining oxirida O`zbekistonga tashrif buyurgan Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham shunday raqamni keltirdi. Uning ta`kidlashicha, Rossiya muhojirlarning iqtisodiy taraqqiyotga qo`shayotgan hissasini qadrlaydi va ularga munosib mehnat sharoiti yaratish uchun barcha zarur ishni qilmoqda.