Davlatimiz rahbari tuman va shaharlarning master rejalarini ishlab chiqishga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Bu haqda joriy yil 16 yanvarda bo`lib o`tgan iqtisodiyotdagi ustuvor vazifalarga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishida topshiriq berilgan edi. Mutasaddilar shu borada qilingan dastlabki ishlar, master rejalardan kutilayotgan natijalar to`g`risida axborot berdi.
O`tgan vaqtda 14 ta tuman va shahar bo`yicha master reja ishlab chiqilgan. Ularda 759 ta ko`p qavatli uy-joy, 22 ta savdo majmuasi, 800 dan ziyod xizmat ko`rsatish ob`ekti barpo qilish imkoniyati aniqlangan.
Shu tarzda 112 ta tuman va shahardagi drayver yo`nalishlar asosida yana 136 ta master reja tayyorlanishi ko`zda tutilgan.
Masalan, aholisi tez o`sayotgan 38 ta tuman markazlari va shaharlarda etarli uy-joylar qurish, aholi sayr qilishi va dam olishi uchun qulay maskanlar va istirohat bog`lari barpo etish zarur.
Turistik salohiyati yuqori 20 ta tumanda mehmonxonalarni ko`paytirish, plyaj, ekologik, tibbiyot, sport va ekstremal turizmni rivojlantirish orqali sayyohlar oqimini 2,5 karra oshirish imkoniyati bor.
Hududidan magistral yo`llar o`tgan 68 ta tumanda 400 dan ziyod motel, kemping, oshxona, do`kon va avtoservislar tashkil etish mumkin.
Umuman, master-rejalar asosida bo`ladigan loyihalar hisobiga 40 mingta ish o`rni yaratilishi, byudjetga yiliga qo`shimcha 350 milliard so`m daromad tushishi kutilmoqda.
Davlatimiz rahbari aholi uchun qulay infratuzilma, savdo va ko`ngilochar joylar, yuqori daromadli ish o`rinlari tashkil qilishni hozirdan boshlash lozimligini ta`kidladi.
Master rejalar ishlab chiqilishi va monitoringi bo`yicha vertikal tizim yaratish vazifasi qo`yildi.