Bugun, 21 iyun kuni Senatning ellik uchinchi yalpi majlisida “Nogironligi bo`lgan shaxslarning huquqlari to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi qonuniga qo`shimcha va o`zgartirishlar kiritish haqida”gi qonunini ko`rib chiqildi.
Qonun ijtimoiy infratuzilma ob`ektlarini nogironligi bo`lgan shaxslarning ularga moneliksiz kirishi uchun moslashtirish asoslarini belgilovchi normalar bilan to`ldirilmoqda. Ijtimoiy tuzilma ob`ektlarini moslashtirish masalasi eng avvalo binolarga kirib chiqadigan panduslar va yuqori qavatlarga ko`tariladigan liftlar bilan ham bog`liq. Mana shu joyda bizda juda katta kamchiliklar bor.
Eng avvalo, ijtimoiy ob`ektlarga kirib-chiqishdagi panduslarning qiyaligi 50 gradusdan balandlari ham bor. Bunday holatda nogironligi bor shaxslar aravachada chiqolmaydi. Hatto aravachani etaklovchi kishi ham oyog`i toyib, qiylanadi. Maxsus liftlar haqida gapirmasa ham bo`ladi.
Qonun qabul qilinganidan keyin joylardagi mas`ul idoralar barcha ijtimoiy tuzilma ob`ektlarini xatlovdan o`tkazishi kerak, — dedi senator Abdurahim Erkaev.
Senat raisi Tanzila Norboeva yuqorida aytilgan fikrlarga qo`shilib, bunday shaxslar to`siqsiz harakatlanishlari uchun hali zarur shart-sharoitlarni yaratish borasida juda ko`p vazifalar turganini alohida ta`kidlab o`tdi.
Ushbu qonun bilan nogironligi bo`lgan shaxslarning:
- odil sudlovdan foydalanish,
- saylash va saylanish,
- referendumda ishtirok etish,
- ta`lim olishga bo`lgan huquqlarini ta`minlash kabi o`zgartirishlar kiritilmoqda.
Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma`qullandi.






