AsosiyDunyo

Niderlandiyada o`zbekistonlik 101 nafar askar xotirasiga bag`ishlangan muzey tashkil etilmoqda

'Niderlandiyada o`zbekistonlik 101 nafar askar xotirasiga bag`ishlangan muzey tashkil etilmoqda'ning rasmi

O`zbekistonning Benilyuks mamlakatlaridagi elchisi G`ayrat Fozilov Niderlandiyaning Lyosden munisipaliteti meri Gerolf Buvmeyster bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.

Mer O`zbekiston rahbariyati tomonidan ajdodlar shonli tarixi, xususan, fashizmga qarshi kurashda jon fido qilgan o`zbekistonlik 101 nafar askarning xotirasini tiklashga qaratilayotgan ulkan e`tiborni yuksak baholadi.

"Fashistlar tashlab ketgan bir parcha nonni baham ko`rib, eng og`ir vaziyatlarda ham matonat va yuksak insoniy fazilatlarni namoyon etgan o`zbek harbiy xizmatchilarining qahramonliklari tarixchi olim sifatida meni juda ruhlantirdi. Ota-bobolaringiz jasoratlari fashistlarning rejalari va mafkurasini barbod etib, madaniyatli xalq qanday bo`lishi kerakligini amalda isbotlab berdi. O`sha davrda o`zbek askarlarining qahramonliklari haqida golland tilida ko`plab she`rlar yozilgan. Natijada shonli tarix xotirada saqlanib qolgan", – qayd etdi mer.

Lyosden meri yosh avlodlarga to`g`ri ta`lim va ma`naviy ozuqa olishlari uchun shonli tarixni etkazish muhimligini ta`kidladi. Yildan yilga golland yoshlari ushbu tarixiy voqealarni o`rganishga katta qiziqish bildirayotgani, xotira tadbirlarida faol ishtirok etayotgani qayd etildi.

Lyosden munisipaliteti aprel va may oylarida "Rastxof" qabristonida dafn etilgan sovet askarlari, jumladan, o`zbekistonlik 101 nafar urush faxriylariga hurmat bajo keltirish uchun har yili o`tkaziladigan xotira tadbirlarini an`ana sifatida saqlab qolishga intilyapti.

Ayni paytda "Rastxof" qabristoni yonida muzey tashkil etish bo`yicha ishlar olib borilmoqda, unda o`zbekistonlik 101 nafar askar xotirasiga bag`ishlangan alohida bo`lim tashkil etiladi.

Tomonlar qo`shma tadbirlar tashkil etish hamda Lyosden va O`zbekiston shaharlari o`rtasida aloqalarni yo`lga qo`yish orqali madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikni faollashtirish yo`llarini muhokama qildilar.

Lyosdendagi Sovet harbiy qabristonida Sobiq Ittifoqdan 865 nafar urush qurbonlari, jumladan, 101 nafar o`zbekistonlik askar dafn etilgan. Niderlandiya fuqarosi, "Sovet shon-sharaf maydoni" jamg`armasi boshqaruv kengashi raisi Remko Reyding ko`p yillar davomida ularning shaxsini aniqlash va xotirasini saqlab qolish ustida ishlamoqda. Jamg`arma askarlarning yaqinlarini qidirib, qabrlarining ziyoratini tashkil etadi.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar