AsosiySiyosat

Har yili 1 mart sanasida "C5+1 Xitoy-Markaziy Osiyo fuqaro aviasiyasi" konferensiyasi o`tkaziladi

'Har yili 1 mart sanasida "C5+1 Xitoy-Markaziy Osiyo fuqaro aviasiyasi" konferensiyasi o`tkaziladi'ning rasmi

Joriy yilning yanvar oyida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Xitoy xalq respublikasiga tashrifi doirasida O`zbekiston Respublikasi Transport vazirligi va Xitoy fuqarolik aviasiyasi boshqarmasi o`rtasida “Havo ipak yo`li”ni birgalikda barpo etish to`g`risida kelishuv imzolanganligi haqida xabar berilgan edi.

Joriy yil 17-21-iyun kunlari Xitoyning Sian shahrida mazkur kelishuv shartlarining ijrosi yuzasidan hamkorlik bo`yicha "C5+1 Xitoy-Markaziy Osiyo fuqaro aviasiyasi" konferensiyasi bo`lib o`tdi. Bu haqda Transport vazirligi xabar qildi.

Konferensiyada O`zbekiston, Qozog`iston, Qirg`iziston, Turkmaniston, Tojikiston davlatlarining aviasiya hukumatlari va aviasiya korxonalari, Xitoy tomonidan Xitoy fuqaro aviasiyasi administrasiyasi, COMAC fuqaro aviasiyasi havo kemalarini ishlab chiqarish korxonasi, bir qator aviakompaniyalar hamda Xitoy aeroportlarini boshqaruvchi davlat tashkilotlari qatnashdi.

O`zbekiston tomonidan Transport vazirligining havo transport boshqarmasi hamda Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviasiyasi agentligi rahbar va xodimlaridan iborat delegasiya konferensiyada ishtirok etdi. Tadbir davomida Transport vazirligi delegasiyasi tomonidan hozirgi kunda O`zbekistonda fuqaro aviasiyasi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, Xitoy hamda qo`shni mamlakatlar bilan aviasiya aloqalarini yanada yaxshilashga qaratilgan kelgusidagi rejalar to`g`risida ma`lumot berildi.

Konferensiyadan asosiy maqsad tarixiy buyuk ipak yo`li asosida havo ipak yo`lini barpo etish, iqtisodiy hamkorlik, aviatashuvlar bozorining liberallashuvi, mamlakatlar o`rtasida havo qatnovlari orqali savdo-iqtisodiy masalalarni yanada rivojlantirish, aviayo`lovchi va yuk oqimi, tovar va xom ashyolar aylanmasini yanada oshirish va aviatashuvlar bo`yicha yagona tizimni yaratishdan iborat.

Konferensiya yakuniga ko`ra tomonlar “S5+1 Xitoy-Markaziy Osiyo fuqaro aviasiyasi" konferensiyani har yili 1 mart sanasida navbat asosida hamkorlikka a`zo mamlakatlarda o`tkazilishiga va fuqaro aviasiyasi sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga kelishib olishdi.

 

    Boshqa yangiliklar