Prezident Shavkat Mirziyoev 25 iyun kuni chorvachilik tarmoqlarini rivojlantirish bo`yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Aholining kundalik iste`molida go`sht, tuxum, sut va ulardan tayyorlangan mahsulotlar katta o`rin egallaydi. Shu bois parrandachilik, qorako`lchilik va echkichilikni rivojlantirish, oziq-ovqat inflyasiyasini kamaytirish choralari ko`rilmoqda. Qolaversa, bu sohalarda aholini band qilish va daromadini oshirish imkoniyati ham ko`p.
Masalan, 2023 yilda parrandachilik tarmog`ida 253 ta loyiha amalga oshirilib, bunday xo`jaliklar soni 1 ming 300 taga etgan, 4 mingta yangi ish o`rni ochilgan. Kelgusidagi istiqbolli loyihalar uchun xalqaro tashkilot va banklardan 420 million dollar jalb qilinmoqda.
Taqdimotda mutasaddilar parrandachilik tarmog`ini rivojlantirish strategiyasi hamda bu yilgi rejalari yuzasidan axborot berdi.
Jumladan, bu yil parranda go`shti hajmi 700 ming tonnadan 800 ming tonnaga, tuxum etishtirish 8,5 milliard donadan 10 milliard donaga etkazilishi aytildi.
Bu tarmoqdagi eng muhim masala – nasl. Yurtimizda go`sht yo`nalishidagi parrandaning 1-tartibli genetikasi yo`q, 2-tartibli genetika esa Vengriyadan olib kelinayapti.
Jahon bozorida parranda genetikasining 80 foizi AQSh kompaniyasiga to`g`ri keladi. Shu bois ular bilan hamkorlikda parrandachilikda genetik texnologiyalarni joriy qilish va naslchilik xo`jaliklari tashkil etish rejalashtirilgan.
Shuningdek, parrandachilikda klaster tizimini joriy etish, tayyor biznes loyihalar qilib, tadbirkorlarga berish bo`yicha takliflar muhokama qilindi.
Soha rivojini qo`llab-quvvatlash bo`yicha qo`shimcha imkoniyatlar belgilandi. Unga ko`ra, parrandachilik korxonalari 5 yilga er solig`idan ozod qilinadi. Parranda go`shti eksportiga ruxsat beriladi. Tadbirkorlarga berilgan 35 million dollar arzon resursni qaytarish muddati 3 yilga uzaytiriladi.
Davlatimiz rahbari ozuqa-em zaxirasini kengaytirish va parrandachilik xo`jaliklariga markazlashtirilgan tartibda etkazish bo`yicha ham topshiriqlar berdi.
Hozirgi kunda yurtimizda 39 ta qorako`lchilik xo`jaligi bor. Buxoro viloyatidagi 2 million gektardan ziyod yaylovda 2 million bosh qo`y boqilayapti. Bular, albatta, etarli emas.
Shu bois qorako`l qo`yini kooperasiya asosida xonadonlarda boqish taklifi bildirildi. Xususan, Qorako`l, Qorovulbozor, G`ijduvon, Peshku, Jondor, Olot tumanlarida aholiga qo`ylar etkazib berilib, yaylov va quduqlar ajratiladi. Ozuqabop o`simliklar maydonlari kengaytiriladi.
Bu kabi choralar orqali qorako`l qo`ylarini 6 million boshdan 7 million boshga etkazish vazifasi qo`yildi.
Davlatimiz rahbarining Namangan viloyatiga tashrifi chog`ida echkichilikni rivojlantirish bo`yicha topshiriq berilgan edi. Shunga muvofiq, Turkiya va Rossiyadan zotdor echkilar olib kelinib, naslli echkichilik klasteri tashkil etildi.
Xuddi shu taxlit, Mo`g`uliston tajribasi asosida Qoraqalpog`iston Respublikasi, Buxoro, Jizzax, Namangan va Toshkent viloyatiga 5 ming boshdan naslli echki olib kelib, ko`paytirish zarurligi aytildi. Bu ikki yilda echkilar sonini 100 ming boshdan oshirish imkonini beradi.
Shuningdek, echkichilikda ham naslni yaxshilash, junni qayta ishlash orqali kashemir va tivit mahsulotlari etishtirib, eksportini yo`lga qo`yish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.






