AsosiyJamiyat

Prezident mahallalar obodligini ta`minlash tizimi taqdimoti bilan tanishdi

'Prezident mahallalar obodligini ta`minlash tizimi taqdimoti bilan tanishdi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev 25 iyun kuni mahallalar obodligini ta`minlash bo`yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Mamlakatimizda barcha dasturlar mahallalarda amalga oshirilmoqda. Bu tizimga katta vakolat va imkoniyatlar berilmoqda. Ulardagi obodlik, muhit ham shunga yarasha bo`lishi kerak.

Bugungi kunda yurtimizda 10 mingga yaqin mahalla bor. Shundan qariyb 3 mingtasi ko`p qavatli uylardan iborat bo`lib, ularga 821 ta boshqaruv servis kompaniyasi xizmat ko`rsatmoqda. Hovli uylar joylashgan 6 ming 400 dan ziyod mahallada esa obodonlashtirish va ko`kalamzorlashtirish ishlari, asosan, hashar bilan qilinadi.

Shu bois bunday joylarda “Mahalla servis kompaniyasi” tashkil qilish taklif etilmoqda. Unga ko`ra, bu tashkilotlar mahallalarni obodonlashtirish bilan shug`ullanadi, ko`chalar va ariqlar tozaligini ta`minlaydi, ko`chatlar ekib, parvarishlaydi. Shartnoma asosida kommunal tarmoqlarni ta`mirlash, chiqindilarni saralash va tashish xizmatlarini ham ko`rsatadi.

Servis kompaniyasi mahalla fuqarolar yig`ini kengashining qarori asosida salohiyatli tadbirkorlar orasidan tanlab olinadi. Obodonchilik ishlari mahallaning buyurtmasi va nazorati asosida amalga oshiriladi. Servis kompaniyalari xizmatlariga to`lovlar qilish uchun mahalla fuqarolar yig`inlariga har oyda 20 million so`mdan mablag` ajratiladi. Shuningdek, ular aholiga 20 dan ortiq ijtimoiy pulli xizmatlar ko`rsatishi ham mumkin bo`ladi.

Umuman, bu tizim natijasida mahallalarga fayz kiradi, odamlarda ozodalik va daxldorlik madaniyati kuchayadi. Mahallada yashovchi ustalar va vaqtincha ishsiz kishilarning bandligi ta`minlanadi.

Taqdimotda servis kompaniyalari avval tajriba tariqasida 208 ta mahallada tashkil etilishi belgilandi. Ushbu tajriba natijasi bo`yicha keyinchalik barcha mahallalarda joriy qilish taklifi bildirildi.

 

 

    Boshqa yangiliklar