AsosiyJamiyat

Bugun Matbuot va OAV xodimlari kuni

'Bugun Matbuot va OAV xodimlari kuni'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 27 iyundagi PQ-294 sonli “Ommaviy axborot vositalarini qo`llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori imzolanishi bilan matbuot va ommaviy axborot vositalari sohasida ham ko`plab islohotlar amalga oshirildi.

Parlament tomonidan amaldagi qonun hujjatlariga axborot sohasini yanada demokratlashtirish va rivojlantirishga qaratilgan o`zgartish va qo`shimchalar kiritish bo`yicha faol ish olib borilayotgani ayniqsa e`tiborlidir.

Bu borada O`zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish, uning moddiy-texnik bazasini yaxshilash, qalam haqi miqdorini oshirish, ijodiy jamoalar bilan yirik kompaniyalar va xo`jalik birlashmalari, banklar o`rtasida “do`stlar klublari”ni tashkil etishga qaratilgan amaliy ishlarni ta`kidlash lozim.

Ommaviy axborot vositalari uchun zamonaviy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida O`zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universiteti tashkil etildi. 

Ushbu oliy ta`lim maskani sohada erishilgan yutuqlarni har tomonlama o`rganish, jurnalistika fani, uning ilmiy-nazariy asoslarini, zamonaviy mediatexnologiyalarni chuqur o`zlashtirish, xalqaro standartlar darajasidagi yuqori malakali kadrlar tayyorlash imkonini beradi.

Hech shubhasiz, ommaviy axborot vositalari sohasida amalga oshirilayotgan ana shunday ishlarning barchasi O`zbekiston jurnalistikasining jahon axborot maydonida munosib o`rin egallashi uchun mustahkam poydevor yaratadi.

Hurmatli matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari, darakchi.uz Sizlarni qutlug` va sharafli kasb bayramingiz — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan samimiy tabriklaydi. Barchangizga mustahkam sog`lik, xonadonlaringizga tinchlik-osoyishtalik, ijodiy muvaffaqiyat tilaymiz!

 

    Boshqa yangiliklar