O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Ostona shahriga amaliy tashrif doirasida Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif bilan uchrashuv o`tkazdi.
O`zbekiston bilan Pokiston o`rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini, eng avvalo, savdo-iqtisodiyot, investisiya va transport-kommunikasiya sohalarida yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Turli darajalardagi muloqotlar faol davom etayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O`zaro savdo va yuk tashish hajmi, qo`shma korxonalar soni ortmoqda.
Davlatimiz rahbari Imtiyozli savdo to`g`risidagi bitim doirasida tovar ayirboshlash hajmini oshirish uchun qulay sharoitlarni shakllantirish borasidagi ishlarni davom ettirish muhimligini ta`kidladi.
Qishloq xo`jaligi, to`qimachilik, farmasevtika, kimyo va boshqa tarmoqlarda loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi 2025-2026 yillarga mo`ljallangan Sanoat kooperasiyasi dasturini qabul qilish muhim ekani qayd etildi.
Joriy yilda Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig`ilishi, biznes forumi va sanoat ko`rgazmasini o`tkazishga kelishib olindi.
Transafg`on temir yo`lini qurish loyihasini amalga oshirishda birgalikdagi sa`y-harakatlar zarurligi ta`kidlandi.
Mintaqaviy kun tartibidagi masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.