Daromadini ko`paytirib, mo`may foyda olishga qiziqtirgan F.O`. tanishi B.S.dan 50 million so`m miqdorida sarmoya kiritishini so`ragan. Go`yoki, bu pullarga sheriklikda “yangi biznes” boshlashlarini aytib, ishontirgan.
Biroq, oradan bir qancha vaqt o`tsa-da, na hamkorlik na foydadan darak bo`lmagandan so`ng “chuv” tushganini anglagan B.S. bergan 50 million so`m pullarini F.O`.dan qaytarib berishini so`raydi.
Qarzni osongina qaytarib ololmagan B.S. sud orqali muammosini hal etishga kirishgan. Yakunda, sudning qarori bilan, qarzdor F.O`.dan undiruvchi B.S. foydasiga 50 million so`m qarz undirilishi belgilanib, ijrosi Majburiy ijro byurosi Buloqboshi tuman bo`limiga topshirilgan.
Majburiy ijro byurosi Buloqboshi tuman bo`limi davlat ijrochisi qarzni undirib o`z egasiga topshirish maqsadida ijro harakatlari olib bordi. Sud hujjati ijrosini bajarmaslik qo`shimcha jarima va belgilangan ta`sir choralar ko`rilishiga sabab bo`lishi yuzasidan qarzdor ogohlantirildi.
Shundan so`ng, qarzini qaytarmasdan boshqa chora yo`qligini tushungan F.O`. tanishi B.S.dan olgan 50 million so`m qarzini to`liq qaytardi.






