Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati poytaxtda daraxt kesilganini ko‘rgan aholidan telefon orqali ma’sullarga xabar berishni so‘radi.
Qayd etilishicha, daraxt va butalarning noqonuniy kesilishiga guvoh bo‘lgan aholidan quyidagi aloqa ma’lumotlari orqali xabar berishlari so‘raladi:
• Ekologiya vazirligining rasmiy https://eco.gov.uz sayti;
• Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi: 71 277-75-43, 71 2777543;
• Toshkent shahar IIBB: 71 233-72-33, 71 233-71-47.
Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 yanvardagi 43-qaroriga muvofiq o‘rmon fondiga kirmaydigan yerlarda daraxtlarni ekish, parvarishlash hamda kesish tartibi tasdiqlangan.
Unga ko‘ra, daraxt va butalar shoxlarining bir qismini yoki tag qismidan kesish:
• mahalla hududi va ko‘p qavatli uylar oralig‘ida – fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari;
• tashkilotlarning hududlarida – yer egalari;
• umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari bo‘ylarida – Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasining tashkilotlari;
• daryo, soy, ariq bo‘ylarida – suv xo‘jaligi organlari;
• shaharning markaziy ko‘chalarida – mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan amalga oshiriladi.