Oqo‘rda qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev raisligida Oliy davlatlararo kengashning birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlatimiz rahbari Qozog‘iston rahbari va xalqiga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi hamda bu kun O‘zbekiston-Qozog‘iston hamkorligi tarixida alohida ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.
- Bugun biz Oliy davlatlararo kengashning birinchi majlisini o‘tkazmoqdamiz. Bu mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari rivojida tarixiy voqea hisoblanadi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston-Qozog‘iston munosabatlari yuqori sur’atda rivojlangani alohida qayd etildi.
Tashrif doirasida Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishlari, biznes forumi, siyosiy maslahatlashuvlar, tahliliy markazlar forumi, intellektual o‘yinlar muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Kino kunlari, ko‘rgazmalar, konsertlar va boshqa ko‘plab tadbirlar davom etmoqda.
Ikki mamlakat rahbarlari 2024-2034 yillarga mo‘ljallangan strategik sheriklik va ittifoqchilik dasturi qabul qilinganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Bu dastur O‘zbekiston-Qozog‘iston do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarida yangi sifat bosqichi boshlanganini anglatadi.
Majlis davomida davlatimiz rahbari bir qator ustuvor vazifalarni ko‘rsatib o‘tdi.
Avvalo, xalqaro tuzilmalar doirasida pozitsiyalarni muvofiqlashtirish va umumiy manfaatlarni samarali ilgari surish muhimligi ta’kidlandi.
Muloqotlar natijadorligini oshirish, Parlamentlararo forumni ta’sis etish, Ekspertlar kengashining qizg‘in ishini davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Tovar ayirboshlash hajmini yaqin yillarda 10 milliard dollarga yetkazish imkoniyatlari atroflicha muhokama qilindi. Shu maqsadda oy oxirigacha alohida dastur qabul qilinadi. Bunda bozorlarni o‘zaro shakllantirish, mavjud cheklovlarni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratiladi.
Mamlakatimiz yetakchisi sanoat kooperatsiyasining yangi strategiyasini qabul qilish zarurligini ta’kidladi.
Tomonlar kecha bo‘lib o‘tgan biznes forumi va ishbilarmonlik uchrashuvlari yakunlari bo‘yicha 7 milliard dollarlik salmoqli kelishuvlar imzolanganini ijobiy baholadilar.
Gap energetika, logistika, qurilish, kimyo, elektrotexnika, to‘qimachilik, agrosanoat va boshqa sohalardagi hamkorlik haqida bormoqda.
Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazini ishga tushirishni jadallashtirish va istiqbolli loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shma jamg‘arma tashkil etish masalasini o‘rganishga kelishib olindi.
Iqtisodiy hamkorlikning haqiqiy harakatlantiruvchi kuchi bo‘lgan hududlar o‘rtasidagi aloqalar strategik sheriklikning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi.
Forumni barcha viloyatlar va markaziy shaharlarni qamrab olgan holda Hududlar kengashiga aylantirish va uning birinchi yig‘ilishini kuzda Samarqandda o‘tkazishga qaror qilindi. Hukumatlarga aniq kelishuvlarga erishish uchun hududlarga o‘zaro tashriflar jadvalini tasdiqlash topshirildi.
Energetika quvvatlari va infratuzilmasini qurish, muqobil energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni birgalikda amalga oshirishga tayyorlik bildirildi. Yirik mintaqaviy loyihalarni, eng avvalo, Qambarota GES qurilishini tayyorlash ishlari jadallashtiriladi.
Transport va tranzit sohasida ishbilarmon doiralarni jalb etgan holda ikki mamlakat o‘rtasida yangi transport yo‘laklarini qurish loyihalarini ishlab chiqishga kelishib olindi. Bundan tashqari, zamonaviy logistika infratuzilmasini yaratish ishlarini kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Mintaqada suvdan foydalanish masalalariga yagona yondashuv mavjudligi qayd etildi. Ishonchli huquqiy bazani shakllantirish, suv xo‘jaligi obyektlarini avtomatlashtirish va raqamlashtirish ishlari davom ettiriladi.
Madaniyat, ta’lim, yoshlar va turizm sohalaridagi almashinuvlarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
- Shu kunlarda Ostonada O‘zbek kinosi kunlari, ko‘rgazmalar, festivallar, konsertlar o‘tkazilmoqda. "Zakovat" intellektual o‘yini muvaffaqiyatli o‘tdi. Bunday tadbirlar yoshlarimizni yanada yaqinlashtiradi, ularni umumiy tariximiz va qadriyatlarimiz bilan yaqindan tanishtiradi, - dedi davlatimiz rahbari.
Madaniy-gumanitar hamkorlik bo‘yicha 2024-2025 yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasi ham bunga xizmat qiladi.
Ta’lim sohasida bugun ikki mamlakatdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalari - Olmaotada Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti hamda Chirchiqda Muxtor Avezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universiteti filiallari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Mamlakatimiz rahbari Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevga Ostona shahrida o‘zbek xalqining buyuk farzandi, shoir va mutafakkir Alisher Navoiy haykalini o‘rnatish tashabbusi uchun minnatdorlik bildirdi.
Tomonlar Markaziy Osiyoda integratsiya va hamkorlikni chuqurlashtirish tarafdori ekanliklarini tasdiqladi. Ta’kidlanganidek, Maslahat uchrashuvi mintaqa oldida turgan vazifalarni birgalikda hal etish va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan mintaqaviy kun tartibini ishlab chiqishning samarali mexanizmiga aylandi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi va boshqa tuzilmalar doirasida yaqin va ochiq muloqotni davom ettirishga tayyorlik bildirildi.
Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev Qasim-Jomart Toqayevni Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi majlisini o‘tkazish uchun O‘zbekistonga tashrif bilan kelishga taklif etdi.