O'zbekistonda chaqaloqlar o'limining 47 foizi tug'ilgandan keyingi ilk 30 kun ichida sodir bo'lmoqda. Shu bois 2030 yilgacha bolalar o'limi ko'rsatkichini keskin kamaytirish maqsadida pediatriya tizimini takomillashtirish va erta tashxis dasturlarini kengaytirish rejalashtirilgan. Bu haqda Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Abdumannop Abduqayumov ma'lum qildi.
Uning so'zlariga ko'ra, ayni paytda mamlakatda bolalar o'limi har ming nafar bolaga 14,3 holatni tashkil etmoqda. 2025–2030 yillarga mo'ljallangan strategiyaga muvofiq, mazkur ko'rsatkichni har ming nafar bolaga 8 holatgacha tushirish maqsad qilingan.
Mutaxassisning ta'kidlashicha, chaqaloqlar o'limining qariyb yarmi neonatal davr, ya'ni hayotning dastlabki 30 kunida sodir bo'lmoqda. Shuning uchun tug'ruqxonalarda va tug'ruqdan keyingi dastlabki haftalarda tibbiy kuzatuvni kuchaytirish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan.
So'g'liqni saqlash vazirligi ma'lumotlariga ko'ra, 2025 yilda mamlakatda chaqaloqlar o'limi qariyb 7,5 ming holatni tashkil etgan. 2024 yilda esa bu ko'rsatkich 8,3 ming nafar bo'lgan.
Qayd etilishicha, xavf guruhiga asosan muddatidan oldin tug'ilgan chaqaloqlar, tug'ma rivojlanish nuqsonlari hamda irsiy kasalliklarga chalingan bolalar kiradi. Har yili O'zbekistonda 48 mingdan ortiq bola turli tug'ma va genetik patologiyalar bilan dunyoga keladi.
Strategiya doirasida mamlakatda pediatriya xizmatining to'rt bosqichli tizimini joriy etish, bolalarning salomatligini DMed yagona raqamli tibbiy platformasi orqali kuzatish, kam uchraydigan kasalliklarga chalingan bemorlar milliy reestrini shakllantirish hamda Germaniya ko'magida zamonaviy genetik laboratoriyani ishga tushirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, DMed tizimiga sun'iy intellekt texnologiyalarini integratsiya qilish orqali tashxis qo'yish muddatini 3–5 kungacha qisqartirish, profilaktik tibbiy ko'riklar bilan bolalarning kamida 95 foizini qamrab olish va yuqori texnologiyali tibbiy yordam ulushini 75 foizgacha yetkazish ko'zda tutilgan.






