AsosiyJamiyat

Samarqandda 12 yoshli qizni zo‘rlagan erkakning jazosi yengillashtirildi

Pedofilga berilgan jazoni yengillashtirgan apellyatsiya instansiyasining ajrimiga Bolalar ombudsmani qarshi chiqdi.

'Samarqandda 12 yoshli qizni zo‘rlagan erkakning jazosi yengillashtirildi'ning rasmi

Samarqandda 2012 yilda tug‘ilgan qizga jinsiy zo‘ravonlik qilgan erkakga nisbatan berilgan jazo yengillashtirildi. Bu haqda Bolalar ombudsmani habar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Bolalar ombudsmani o‘z vakolati doirasida jinsiy jinoyatda jabrlangan 12 yoshli qizga nisbatan JKning 119 moddasi (Jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) va 137 moddasi (Odam o‘g‘rilash) bilan ayblangan erkakning sud ishini o‘rganib chiqqan.

Mazkur sud hujjatlariga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi hukmi bilan erkak JKning 119 moddasi bilan 19 yilga, 137 moddasi bilan 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. JKning 59 moddasiga (Bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) asosan 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Biroq Samarqand viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya tartibidagi ajrimida (sudlanuvchining apellyatsiya shikoyati asosida) birinchi instansiya sudi erkakga nisbatan JKning 119 moddasi sanksiyasi doirasida (19 yildan 15 yilga o‘zgartirib) yengilroq jazo tayinlagan.

Mazkur apellyatsiya bo‘yicha Bolalar ombudsmani o‘z vakolati doirasida instansiyasining mazkur ajrimi bilan jinoiy jazoni asossiz yengillashtirilishi bola manfaatlariga zid deb hisoblab, bu bo‘yicha O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga taftish tartibida protest kiritishga oid iltimosnoma kiritgan.

Buning asosida sud hujjatlari Samarqand viloyat prokuraturasi tomonidan o‘rganilgan va Bolalar ombudsmani pozitsiyasi quvvatlanib, Samarqand shahar sudining 2024 yil 10 iyundagi hukmini o‘zgarishsiz qoldirish tartibida protest kiritilgan.

Ma’lumot o‘rnida, Bolalar ombudsmani mazkur ishning taftish instansiyasi sudida ko‘rilishi jarayonida bola manfaatlarini himoya qilish yuzasidan o‘z kuzatuvini davom ettiradi.

    Boshqa yangiliklar