AsosiyJamiyat

Qashqadaryoda “Murojaatdan – daromadga” loyihasi amalga oshirilmoqda

Loyiha aholi bandligini ta’minlash, ularning daromad manbayini shakllantirish va shu asosda turmush farovonligini ta’minlashga qaratilgan.

'Qashqadaryoda “Murojaatdan – daromadga” loyihasi amalga oshirilmoqda'ning rasmi

Prezident Xalq qabulxonalari tomonidan hududlarda aholi bandligini ta’minlash, ularning daromad manbayini shakllantirish va shu asosda turmush farovonligini ta’minlashga qaratilgan “Murojaatdan — daromadga” loyihasi amalga oshirilmoqda. 

Prezident maslahatchisi o‘rinbosari - Xalq qabulxonasi rahbari Ulug‘bek Muhammadiyev boshchiligida Respublika ishchi guruhi tomonidan Qashqadaryo viloyatidan Prezident Virtual va Xalq qabulxonalariga moddiy yordam masalasida murojaat qilgan ehtiyojmand, ishsiz ayollarga Prezident sovg‘alari – tikuv mashinalari hamda turli uskuna va anjomlar tantanali ravishda topshirildi. 

Jumladan, loyiha asosida Qamashi, Ko‘kdala, Chiroqchi, G‘uzor, Dehqonobod hamda Yakkabog‘ tumanlarida 120 nafardan ziyod xotin-qizlarga tikuv mashinalari va sutni qayta ishlash uskunalari olib berildi.

Tikuv mashinalari ajratilgan har bir murojaatchi o‘z mahallasidagi tajribali yetakchi tadbirkorlarga biriktirilayotgani loyiha hayotiyligi va samaradorligini ta’minlovchi asosiy omildir. Deylik, G‘uzorning eng chekka hududlaridan biri Taxam qishlog‘ida yashovchi Olmagul Elmurodova ham 4 nafar yangi chevarni yoniga olib, faoliyatini yanada kengaytirdi.

 Prezident Xalq qabulxonasi ko‘magida Chiroqchining tog‘li Tarag‘ay qishlog‘ida ham yangi tikuv sexi ish boshladi. Tarag‘aylik ishsiz 10 nafar ayollar Gulchehra Rahmatova bilan kooperatsiya tashkil qilib, mavsumiy liboslar tayyorlashga kirishdi. 

“Murojaatdan – daromadga” loyihasi doirasida Qarshi, Kasbi, Nishon tumanlaridagi ko‘makka muhtoj qariyb 40 ta oilaga tomorqasidan yanada samarali foydalanib, daromad olishi uchun quduq va nasoslar ishga tushirildi. Aytaylik, Nishonning Navbahor mahallasidagi boquvchisini yo‘qotgan Gulsara Shodmonova va ijtimoiy himoyaga muhtoj Oyzira Yangiboyeva tomorqalariga ham obi hayot chiqarib berilgach, ularning ro‘zg‘origa baraka kiryapti.

Shuningdek, Dehqonobod, Shahrisabz, Muborak, Kitob, Koson kabi tumanlardagi ehtiyojmand 44 ta oilaga parranda go‘shti va tuxum yetishtirishi uchun tovuqlar yetkazib berildi. Umuman, birgina “Murojaatdan – daromadga” loyihasi bilan viloyatdagi 200 dan ziyod xonadonning daromad topishi uchun sharoit va imkoniyat yaratildi. Shu tariqa yuzlab oilalarning daromadi shakllandi, ro‘zg‘origa fayz-baraka kirdi.

    Boshqa yangiliklar