AsosiyJamiyat

Toshkentda fuqaro bitta daraxtni kesgani uchun 17 mln so‘m jarima to‘laydigan bo‘ldi

Kesilgan daraxt uchun kompensatsiya tarzida 100 tup ko‘chat ekish majburiyati ham yuklatildi.

'Toshkentda fuqaro bitta daraxtni kesgani uchun 17 mln so‘m jarima to‘laydigan bo‘ldi'ning rasmi

Toshkent shahar Sergeli tumanida fuqaro bitta daraxtni kesgani uchun 17 million so‘m jarima to‘laydigan va 100 ta ko‘chat ekadigan bo‘ldi. Bu haqda Ekologiya vazirligi xabar berdi

Unda aytilishicha, Toshkent shahar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasiga Sergeli tumani, Sergeli 7-mavzesida daraxtga shikast yetkazilayotgani haqida murojaat kelib tushdi.

Murojaat joyiga chiqib o‘rganilganida “Madadkor” MFYda fuqaro Y.U. tomonidan 1 ta daraxt kesilib, o‘sishdan to‘xtash darajasida shikast yetkazilgani ma’lum bo‘ldi. Natijada tabiatga 8 million 840 ming so‘m zarar yetkazilgan.

Huquqbuzarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Unga bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravari — 8 million 500 ming so‘m jarima belgilandi. Huquqbuzar jami 17 million 340 ming so‘m tovon to‘laydigan bo‘ldi. 

Shuningdek, unga Vazirlar Mahkamasining 464-son qaroriga asosan kesilgan daraxt uchun kompensatsiya tarzida 100 tup ko‘chat ekish majburiyati yuklatildi.

    Boshqa yangiliklar