Tadbirda fan, madaniyat va san’at xodimlari, oliy o‘quv yurtlarining professor-o‘qituvchilari, talabalar, shu yerda yashovchi ozarbayjonliklar, jurnalistlar ishtirok etdilar.
Ozarbayjon Madaniyat Markazida tashkil etilgan tadbirda dastlab ishtirokchilar foyeda Ozarbayjon musiqasiga bag‘ishlangan “Milliy musiqamiz” nomli fotoko‘rgazma, kitob stendi va Ozarbayjon musiqiy asboblaridan iborat kompozitsiya bilan yaqindan tanishdilar.
Tadbirni kirish so‘zi bilan Ozarbayjon Madaniyat Markazining direktor o‘rinbosari Nodir Alimirzayev ochib berib, shuni bildirdiki, 18-sentyabr Ozarbayjon professional musiqa san’atining asoschisi, Sharqda ilk opera muallifi Uzeyir Hojibeylining tavallud kunidir. Milliy musiqiy madaniyatimiz o‘zining yuksak cho‘qqisi uchun Uzeyir Hojibeyliga qancha tashakkur bildirsa, shuncha kamdir. Direktor o‘rinbosari N.Alimirzayev Uzeyir Hojibeyli 1908-yilda tomoshaga qo‘yilgan ilk operaning muallifi sifatida musiqa tarixida qolganini ham aytib o‘tdi.
N.Alimirzayev bildirdiki, 1995-yilda Ozarbayjon Prezidenti Haydar Aliyevning farmoni bilan daho bastakor tavalludining 110 yilligi arafasida 18-sentyabr Milliy Musiqa kuni sifatida e’lon qilindi. Bu kun daho bastakor Uzeyirning ruhi shoddir, chunki Ozarbayjon musiqasi aziz Qorabog‘da, Shushada yangramoqda. U yana ta’kidlab aytdiki, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning bu yil avgustning 22-23-kunlarida do‘st mamlakatga safari, imzolangan muhim hujjatlar munosabatlarimizning yuksalishiga turtki berdi.
Keyinchalik chiqish qilgan O‘zbekiston-Ozarbayjon Do‘stlik jamiyati ijrochi direktori, professor Erkin Nuriddinov ikki o‘lka orasida mavjud aloqalardan so‘z ochib, so‘nggi vaqtlarda bu aloqalarning yanada mustahkamlanganini va xususan madaniyat sohasidagi aloqalarning yuksalishida O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazining buyuk roli borligini ham ta’kidlab o‘tdi.
Tadbirning badiiy qismida Madaniyat Markazining qoshida faoliyat ko‘rsatadigan “Ozarbayjon” raqs ansambli milliy raqslarimiz bilan chiqishlar qildi.
Tadbir so‘nggida daho bastakor Uzeyir Hojibeylining ayni nomdagi operettasi asosida 1946-yilda lentaga yozilgan “Arshin mol olan” filmining, Haydar Aliyev jamg‘armasining loyihasi bilan ranglantirilgan va O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi tomonidan o‘zbek tilida subtitr yozilgan varianti tomoshabinlar e’tiboriga taqdim etildi.