AsosiyJamiyat

“Omonqo‘ton” milliy tabiat bog‘ida daraxt va o‘simliklarga zarar yetkazilgani aniqlandi

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

'“Omonqo‘ton” milliy tabiat bog‘ida daraxt va o‘simliklarga zarar yetkazilgani aniqlandi'ning rasmi

Samarqanddagi “Omonqo‘ton” milliy tabiat bog‘iga noqonuniy kirgan 5 kishi daraxt va o‘simliklarga zarar yetkazgani haqida xabar berilgan edi. Bosh prokuratura holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

Ushbu milliy tabiat bog‘ining “Yo‘lsoy” bo‘limi hududida bir qator fuqarolar tomonidan noqonuniy ravishda yo‘l ochilib, 869 metr kvadrat maydondagi tuproqlar surilib, 1427 metr kvadrat maydon tuproq bilan ko‘milgani oqibatida jami 2693,9 metr kub muhofaza etiladigan hududda o‘suvchi O‘zbekiston “Qizil kitobi”ga kiritilgan 7 turdagi 1 112 tup, noyob va yo‘qolib borayotgan 5 turdagi 1 479 tup o‘simliklar nobud qilingan, 8 turdagi 64 tup daraxt va butalar kesilgan, nobud qilingan va shikastlantirilgan.

Buning natijasida tabiatga 1 milliard 115 million  907 ming so‘mlik zarar yetkazilgan.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot kotibi ushbu fuqarolar  “Yo‘lsoy” bo‘limida joylashgan sobiq oromgoh hududi orqali ruxsatsiz va hech qanday hujjatsiz ekskavator va buldozerlar bilan kirib borganini ma’lui qilingandi.

Bog‘ rahbariyati tabiat bog‘i muhofaza etiladigan tabiiy hudud ekani, bu yerga ruxsatsiz kirish, qurilish va qazish ishlarini olib borish mumkin emasligi haqida ogohlantirgan hamda hududdan chiqib ketishni talab qilgan. Ogohlantirishlarga qaramay, fuqarolar noqonuniy tarzda bog‘ hududiga kirishda davom etgan va bir necha daraxt va o‘simliklarga jiddiy zarar yetkazgan.

Mazkur holat yuzasidan Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 204-moddasi (muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning rejimini buzish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlariga kirishildi.

Jinoyat ishi tergovi ustidan Bosh prokuratura nazorati o‘rnatilgan.

Jinoyat kodeksida Muhofaza etiladigan tabiiy hudud yoki obyektlarni qasddan nobud qilish yoki ularga shikast yetkazish ko‘p miqdorda zarar yetkazilishi yoxud boshqacha og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilangan.

    Boshqa yangiliklar